2016-yil Afg’onistonda Tolibon uchun qanday davr bo’ldi?

  • Amerika Ovozi

2016-yil Afg’onistonda Tolibon uchun qanday davr bo’ldi? Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, jangarilar mavqeini ancha yaxshilab olgan, rahbariyat Pokistondan Afg’onistonga ko’chmoqda. Kobuldagi markaziy hukumat bu da’volarni inkor etmoqda.

Joriy yilda toliblar hukumat kuchlariga bir necha front orqali hujum qildi, bir necha tumanni ishg’ol etdi.

Yil boshida Pokiston, Afg’oniston, Xitoy va AQSh diplomatlaridan iborat guruh Tolibonni tinchlik muzokaralariga qo’shilishga da’vat etishga urinib ko’rdi.

Biroq Afg’oniston va Pokiston o’rtasidagi kelishmovchiliklar bu umidlarni puchga chiqardi.

May oyida AQSh pilotsiz samolyoti hujumida Tolibon rahbari Mulla Axtar Mansur o’ldi. Uning o’rniga islomiy olim Mulla Hibatulla Oxunzoda kelib, urushga zo’r berdi.

Bu o’rtada afg’on xavfsizlik kuchlari safida xoinlik holatlari ko’paydi. Tolibonga xayrixoh askar va politsiyachilarning yuzdan oshiq hujumlarida salkam bir yilda 250 dan ziyod xavfsizlik xodimi nobud bo’ldi.

NATO qo’mondonlikning quyi va o’rta bo’limlari vakillari noqobil ekanini tan oldi.

“Maydaroq qismlar qo’mondonlari askarlarni o’q-dori, oziq-ovqat bilan ta’minlab turmagan, tabiiyki, askarlar “nega bu odam rahbarligida jang qilishim kerak” degan mantiqli savol beradi o’ziga”, - deydi NATO so’zlovchisi Charlz Klivlend.

Toliblar bilan janglarda hukumat 5500 dan ortiq odamini yo’qotdi. Biroq mamlakat armiyasiga yordam berayotgan AQSh qo’shinlari qo’mondoni vaziyat u qadar umidsiz emas, deydi.

“Afg’on kuchlarining yozdagi amaliyotidan so’ng toliblar avgustda viloyat poytaxtlarini ishg’ol qilish uchun sakkiz bor harakat qildi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadi”, - deydi general Jon Nikolson.

Afg’oniston hukumati “Hizbi Islomiy” jangari guruhi va uning rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan tinchlik bitimini imzolaganidan so’ng qolgan guruhlarni ham shunga da’vat etdi.

Biroq mamlakat bo’ylab ko’plab tumanlarni bosib olgan va qator janglarda zafarlar qozongan Tolibon hukumat talablarini qabul qilmasligi mumkin.

2017-yilda Kobul jangarilar bilan nafaqat jang maydonida, balki muzokara stoli atrofida ham yuzlashishga majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG