Afg'onistonda turk maktabining to'rt o'qituvchisi hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rasmiylari Afg'on-Turk qizlar maktabining hibsga olingan to'rt o'qituvchisi Prezident Ashraf G'anining Turkiya safariga aloqador ekani haqidagi da'volarni rad etdi. Ularga ko'ra, o'qituvchilarni qamoqqa olish masalasi bir necha oydan beri rejada bo'lgan. O'quvchilar va ota-onalar ularning ozod qilinishini talab qilmoqda.

Kobuldagi Afg'on-Turk qizlar maktabiga Milliy xavfsizlik kuchlari kelib, matematikadan dars bergan turk o'qituvchisini so'ragan. Shundan so'ng hech bir izohsiz uch turk va bir afg'on o'qituvchisini olib ketgan.

"Olib ketilgan to'rt kishidan Yalmaz direktorlar kengashi a'zosi, ikki qizi bilan 14 yildan beri Afg'onistonda yashaydi. Matematika o'qituvchisi Andas olti yildan beri Afg'onistonda. Ustoz Yunus Demirgi fizikadan dars beradi. Afg'on Mas'ud Vardak ham olib ketilgandandan biri", - deydi makrab direktori o'rinbosari Ahmad Haydariy.

O'quvchilarning ota-onalari hukumat harakatini qoralab, uni noqonuniy hamda noislomiy deb atadi. Norozilar orasida ta'sirchan afg'on siyosatchilari ham bor. Ularga ko'ra, qizlar yotoqxonasiga kirish odobsizlik bo'lgan. O'qituvchilarni zudlik bilan ozod qilish kerak, deydi ular. Turkiya hukumatini rozi qilish uchun bo'ldi bu ishlar, deydi ota-onalar.

"Quyosh botgandan keyin qorong'ida maktabga kirib kelishdi. Bu islomiymi, afg'on qadriyatiga mosmi? Uyat-ku", - deydi ota-onalardan biri.

"Kecha o'qituvchilar bilan ro'y bergan narsa bu hukumatning odam olib qochishidir", - deydi yana bir ota.

Parlament a'zosi Kamol Nosir Osoli voqea tekshirilishini aytdi.

"Biz bu ishni qoralaymiz va tushuntirish talab qilamiz", - dedi u.

Ta'lim vaziri vazifasini bajaruvchi Ibrohim Shinvarining aytishicha, bu ataylab qilingan ish emas.

"Ulardan biri haqida ma'lumot bor edi va shu bois so'roq qilishmoqchi bo'lgan. Tushunmovchilik yuz berib, o'quvchilarimiz uchun yomon vaziyat yuzaga keldi", - deydi u.

Ota-onalar qizlarining xavfsizligidan ham xavotirga tushganini aytadi.

"Binomizga xudkush bombachi kirdimikan deb o'ylabmiz. Politsiya va xavfsizlik kuchlari kelganini eshitib o'zimni yo'qotdim va kechki ovqatimni yeyolmadim", - deydi Zaynab ismli o'quvchi.

Afg'onistonda turk maktablari 23 yildan beri faoliyat yuritadi. Yetti viloyatda 14 ta maktab bor. Ularda sakkiz ming o'quvchi o'qiydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG