Breaking News

BMT: Afg’oniston giyohvand jamiyat bo'lib qolmoqda


Guyohvandlar orasida voya yetmagan yoshlar ayniqsa ko'p
Guyohvandlar orasida voya yetmagan yoshlar ayniqsa ko'p

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, rivojlanayotgan mamlakatlarda giyohvand moddalar iste’moli oshib bormoqda.

Afg’onistonda, dunyoda eng ko’p qoradori ishlab chiqariladigan davlatda, unga mukkasidan ketganlar soni ham juda katta ekani ma’lum.

Ular orasida voyaga yetmaganlar ko’pchilikni tashkil qiladi. BMTning ogohlantirishicha, 15 - 64 yosh orasidagi bir millionga yaqin afg’on giyohvand moddalarsiz yashay olmaydi. Bu aholining sakkiz foizini tashkil qiladi.

Mamlakatda so’nggi to’rt yil ichida afyun iste’mol qiluvchilar soni 53 foizga oshgan. Qoradoriga berilganlar esa 140 foizga ko’paygan.

BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo’limi rahbari Antonio Maria Kostaning aytishicha, buning asosiy sababi Afg’onistonning giyohvand moddalar manbai ekanida:

“Tabiiyki, giyohvand moddalarning mavjudligi uning iste’molchilari sonini ko’paytiradi”.
Yana bir muammo shundaki, deydi mutaxassislar, mamlakat shimoli va janubida aholi afyunni farzandlariga ham berishga odatlangan. Bu esa yosh avlod kelajagini xavf ostiga qo’yadi.

Vashingtonda ko’zga ko’ringan tahlilchi Jeyson Kempbel fikricha, Afg’oniston hukumati va xalqaro hamjamiyat vaziyatni o’nglamoqchi bo’lsa, avvalo muammo manbai va oqibatlariga diqqat qaratishi lozim.

“Dehqonlarni ko’knoridan boshqa ekin ekishga undashda davom etishimiz, buning uchun sharoit yaratishimiz kerak, – deydi Kempbel. – Giyohvandlikka ruju qo’yganlarni davolash uchun imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Hozir ularni ko’rmaymiz”.

Qoradori iste'moli Afg'onistonda azaldan keng, lekin bugun giyohvandlar soni yanada oshgani kuzatiladi
Qoradori iste'moli Afg'onistonda azaldan keng, lekin bugun giyohvandlar soni yanada oshgani kuzatiladi

Kempbel nazarida Afg’onistonda odamlarni giyohvandlik changaliga tashlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy omillarni ham hisobga olish kerak.

“Tadqiqot natijalariga ko’ra, jamiyatda umidsizlik hukmron. Tibbiy xizmat saviyasi past. Insonlarning hayotga, kelajakka ishonchni oshiradigan o’zgarishlar qilish kerak. Iqtisod yaxshilansa, kasalxonalar ochilsa, jamoatchilikning giyohvand moddalarga bog’lanib qolish xavfi ham kamayadi”.

Bugungi dolzarb muammo – giyohvandlarning 700 mingi tibbiy yordam olish imkoniyatidan mahrum. Hozir bemorlarning 10 foizi muolaja ola biladi. BMT hisob-kitobiga ko’ra, narkomanlarning 90 foizi tibbiy ko’makka muhtoj.

Tahlilchi Jeyson Kempbelning aytishicha, Afg’oniston xavfsizlik kuchlari va politsiyasi orasida giyohvandlikka qarshi olib borilayotgan keskin harakatlar ham naf berishi qiyin:

“Keyingi bir necha oy ichida Afg’oniston armiyasi va politsiyasi uchun maxsus o’quv markazlari ochildi. Hozir xavfsizlik kuchlari orasidagi eng katta ikki muammo bu savodsizlik va narkomaniyadir. Ularni bartaraf etish NATO uchun eng muhim vazifaga aylangan. Bu o’quv dargohlarining uzoq muddatda foydasi bo’ladimi yo’qmi, hozircha noma’lum. Balki oddiy xalqni ham o’z ichiga oladigan boshqa dasturlar ishlab chiqish kerakdir”.

Kempbelning fikricha, Afg’onistonda qoradori muammosini bartaraf etish uchun bir necha o’n yillar kerak bo’ladi. Afg’onlar bu illatning o’zlari uchun faqat zarar ekanini anglab yetmagunlariga qadar bu balodan qutulish mumkin emas.

“Dehqonlar bilan gaplashsangiz, ular shu yo’l bilan kun ko’rib oila boqayotganlarini aytishadi, – deydi Kempbel. – Yetishtirayotgan mahsulotlari asosan chetga chiqib ketayotgani uchun go’yoki giyohvand moddalar ularga hech qanday zarar yetkazmayotgandek tuyuladi. Agar ularga qishloqlaridagi odamlarni ko’rsatib, giyohvandlikka mukkasidan ketayotganlar soni oshib borayotgani va buning turmushga ta’sirinini tushuntira olsangiz, biror ijobiy o’zgarish bo’lishi mumkin. Balki shu tariqa ularni ko’knori emas, boshqa narsa ekishga undasa bo’lar”.

Afg’onistonda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yaxshilanmas ekan, giyohvand moddalar yetishtirish va iste’mol qilishni to’xtatish qiyin. Demak, birinchi navbatda muammoni emas, uning sabablarini bartaraf etish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG