Breaking News

Afg'onistonda parlament saylovidan oldin deputat o'ldirildi


Xavfsizlik kuchlari marhum deputat Abdul Jabbor Qahramon uyini qo'riqlamoqda, Lashkar Goh, 17-oktabr, 2018-yil

Afg’onistonda parlament saylovlariga uch kun qolganda qayta saylanish tashvishi bilan yurgan deputatlardan biri janubdagi Hilmand viloyatida sodir etilgan xurujda halok bo’ldi. Bomba Abdul Jabbor Qahramonning idorasidagi stul ostiga qo’yilgani aytiladi. Xurujda uning idorasida o’tirgan yana uch odam o’lgan. Tolibon portlash uni ishi ekanini tan oldi.

59 yashar Abdul Jabbor Qahramon iste'fodagi general bo'lib, 1980-yillarda Afg'oniston Kommunistik partiyasining a'zosi bo'lgan. Tolibon hokimiyatga kelgach, 1997-yilda Moskvaga qochib, vataniga 10 yil o'tib, AQSh hujumi natijasida Tolibon mag'lub etilganidan so'ng qaytib boradi.

2005-yil parlament saylovlarida Qahramon mag'lub bo'lganiga qaramay, parlamentdan haydalgan qonunchi Hoji Muhammad Mir Valining o'rnini egallaydi. Tolibon uni shu kungacha kommunist deb atab kelgan edi.

So’nggi ikki oyda deputatlikka nomzod 10 kishi o’ldirilgan, ikkisi o’g’irlanib, yana to’rt nafari jarohat olgan. 9-oktabr kuni Hilmand poytaxti Lashkar Gohdagi boshqa bir xurujda nomzod Solih Muhammad Xon Ochaqzoy nobud bo'lgan.

Afg’oniston parlamentining quyi palatasidagi 249 ta o’rin uchun 2500 dan ziyod nomzod bellashadi. Ularning salkam beshdan birini ayollar tashkil etadi. Palatada ayollarga 68 ta o’rin ajratilgan, 417 ta nomzod so’nggi targ’ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

“G’alaba qozonsam, ayollar bilan bog’liq sud ishlarini nazorat qiluvchi maxsus adliya qo’mitasini tuzaman. Ayollar huquqlarini targ’ib etishga alohida diqqat qaratish kerak”, - deydi nomzodlardan biri Maryam Samo.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va qator xalqaro tashkilotlar afg’on ayollarining siyosiy sahnadagi faolligini olqishlamoqda.

Ayollar huquqlari faollarining e’tirof etishicha, asosan erkaklar hukmron jamiyatda xotin-qizlar jiddiy qabul qilinmaydi.

Bu o’rtada Afg’oniston hukumati va Tolibon vakillari Moskvada uchrashishga rozi bo’lgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. Muloqot kuni hafta oxirigacha e’lon qilinishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG