Breaking News

Afg'oniston gulchilari: Gul eksangiz, yasharasiz


Afg’onistonda har bahorda bo’lgani kabi ko’chat va gul ekish ishlari boshlanib ketdi. “Bir ko’chat o’zing uchun, boshqa bir ko’chat vatan uchun” deb nomlangan kampaniya ob-havo tozaligini asrash, odamlarga tabiat oldidagi burchini eslatish uchun o’tkazilmoqda. Yillik bu targ’ibotga hukumat keng hissa qo’shadi. Ta’lim muassasalari, ommaviy joylar, mahallalarga ko’chatlar yetkazib beriladi. “Amerika Ovozi” Afg’onistonning Shibirg’on shahridagi ko’chatchilar va gulchilar bilan muloqotda bo’ldi.

Ko’chatchilik va gulchilikni har kim ham uddalay olmaydi, deydi ushbu kasb-hunar egalari.

Gul Ahmad Pahlavon 15 yildan beri shu sohada ishlayotganini aytadi. “Gullarni urug’ va qalamchalar yordamida yetishtirayapmiz”, - deydi u.

Shibirg’onning ob-havosi ko’plab meva daraxtlari va gul butalari uchun munosib emas. Shuning uchun ularni issiqxonalar yordamida parvarishlashga harakat qilinmoqda.

“Gul bilan yashasangiz guldek toza qolasiz. Gulchilik bilan mashg’ul odamlar yoki gul bilan yashaydigan odamlar qarimaydi deyishadilar, bu rost gap. Meni ko’rgan odamlar 30 yoshimda deb o’ylashi mumkin, lekin men 40 yoshga yaqinlashdim. Gul insonning ruhiga ijobiy ta’sir qiladi”, - deydi Gul Ahmad Pahlavon.

Afg'onistonda gulchilik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Muhammad Akbar gulchilardan yana biri. 20 yillik tajribaga ega hunarmand. Unga ko’ra, so’nggi yillarda odamlarning gul va daraxt ekishga qiziqishlari ancha oshgan. Shibirg’onda parvarish qilingan gullar va daraxt ko’chatlari yetishmaydi, shu bois boshqa viloyatlardan nihollar va butalari olib kelinadi.

Xushbo'y va manzarali gullarga talab kuchli.

“Shabbu, Mursal va Xushbu kabi gullarni ko’proq sotib oladilar. Chunki ularning hidi juda yoqimli bo’ladi. Hovlilarni bezatish uchun ziynatli gullar ham ko’p sotiladi. Kasbimiz shu, shu yo’ldan pul topib ro’zg’or o’tkazamiz”, - deydi Muhammad Akbar.

Abdul Ahad uzoq qishloqdan kelgan.

“Men gul sotib olish uchun keldim. Bu yerda juda yaxshi gullar bor”,- deydi u.

Afg’onistonda fevralning so’nggi haftasidan mart oyi oxirigacha ko’chatlar ekish ishlari davom etadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG