Breaking News

"Islomiy davlat" Afg'onistonda taktikasini o'zgartiryaptimi?


Hujumga uchragan gospitalning tashqi ko'rinishi
Hujumga uchragan gospitalning tashqi ko'rinishi

“Islomiy davlat” jangari to’dasi shu hafta Kobulda kamida 30 kishini nobud qilgan gospitalga qarshi xuruj uning ishi ekanini tan oldi. Guruhning bu xuruji oldingilaridan farq qilgani aytilmoqda. Ilgari xurujlar oddiyroq bo’lib, asosan, odamlar ko’p to’plangan joylarda sodir etilardi.

Bu safar esa jangarilar jiddiyroq hozirlik ko’rgan, xurujni astoydil rejalagan, deydi Nyu-Yorkdagi Xalqaro hamkorlik markazi xodimi Barnet Rubin.

“Bu juda ham murakkab hujum edi. “Islomiy davlat” razvedkasi puxta tayyorlangani ko’rinib turibdi. Gospitalga kirish, portlovchi moddalarni Kobulga olib kirish, xurujni rejalash uchun joy, shifokorlar kiyimini topish - bularning barchasi alohida tayyorgarlik talab qiladi”, - deydi tahlilchi.

Shuningdek, bu xurujdan “Islomiy davlat”ning Kobulda tarafdorlari borligini bilish mumkin, demak jangarilar afg’onlarni o’z safiga yollashning uddasidan chiqmoqda.

Aksariyat afg’onlar “Islomiy davlat” usullarini beshafqat va afg’on madaniyatiga yot deya qabul qilmaydi. Biroq ishsizlik sobiq afg’on jangarilarini mo’maygina pul taklif etayotgan guruhga qo’shilishga majbur qilmoqda, deydi kobullik tahlilchi Intizor Hadim.

“Yaqin Sharqda Daish jang qilganlarni boqyapti, Afg’onistonda esa o’ziga qo’shilgan har bir jangchiga katta pul to’layapti”, - deydi ekspert.

Ijtimoiy sahifalar va Afg’onistonning sharqiy viloyatlarida efirga chiqayotgan Daishga qarashli FM radiosi ham odamlarni guruhga yollashda qo’l kelmoqda.

Amerika harbiy qo’mondonlariga ko’ra, NATO va afg’on armiyasi amaliyotlari natijasida Daish nazorati ostidagi hududlarni boy berdi, talafotlar ko’rdi. Biroq tahlilchilar nazarida, jangarilar sharoitga moslashib, strategiyasini o’zgartirmoqda.

“Islomiy davlat” tahdidi Tolibon bilan murosa qilish jarayonini tezlashtirishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG