Breaking News

“Islomiy Davlat”ning Afg’oniston shimolidagi yetakchisi o’ldirildi


Afg'onistondagi IShID jangarilari

“Islomiy Davlat” terror guruhining Afg’oniston shimolidagi yetakchi qo’mondoni Qori Hikmatullah afg’on harbiylarining havo hujumi natijasida halok bo’lgani aytilmoqda.

Juzjon viloyatining Darzob tumanida faoliyat ko'rsatayotgan DAIShning ushbu qo’mondoni yana bir qo’riqchisi bilan birga yaralangani, so'ng og’ir jarohat tufayli jon bergani xabar qilinmoqda.

Juzjon politsiyasi boshlig’i Faqir Muhammad Juzjoniyning aytishicha, halok bo’lgan Qori Hikmatullah Darzob tumanida ko’milgan. U Afg’oniston shimolida “Islomiy Davlat” to’dasiga qo’shilgan birinchi tolib jangarisi edi.

Juzjoniyning qo’shimcha qilishicha, 40 nafar askar darhol tumanga yetib borgan, qamaldagi harbiylar ozod etilgan.

Uning ma’lum qilishicha, Qori Hikmatullah o'rniga Mavlaviy Habibulrahmon shimoldagi “Islomiy Davlat” jangarilari qo’mondoni etib tayinlangan. Mavlaviy Habibulrahmon Balx viloyatining Jimtol tumanidan ekani aytiladi.

Halok bo’lgan Qori Hikmatullah xorijiy isyonchilar doxil 500 nafarlik jangari guruhga rahbarlik qilar edi.

“Islomiy Davlat” to’dasi hanuzgacha bu borada hech nima demagan.

Juzjonning Qo’shtepa va Darzob tumanlari ikki yildan beri “Islomiy Davlat” to’dasi nazoratida. Rasmiylar DAIShning ushbu qo’mondoni nobud qilingani xavsizlik vaziyatiga ijobiy ta’sir tashlaydi degan umidda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG