Breaking News

Yil boshidan beri Afg'onistonda 10 jurnalist halok bo'ldi


Afg'oniston jurnalistlari
Afg'oniston jurnalistlari

Shu yil boshidan beri Afg'onistonda 10 jurnalist halok bo'lgan. Ular Tolibon va "Islomiy davlat" hujumlarida o'ldirilgan.

2017-yilning dastlabki olti oyida ro'y bergan zo'ravonlik natijasida yana 12 jurnalist yaralangan. Bu haqda Afg'on jurnalistlari xavfsizligi qo'mitasi e'lon qilgan hisobotda so'z boradi.

Hisobot mualliflaridan biri Najib Sharifiyning aytishicha, jurnalistlarga qarshi 73 ta zo'ravonlik ishi o'rganilgan. Bunday holatlar soni o'tgan yilning shu paytiga nisbatan 35 foiz ko'p.

Qalam ahliga nisbatan qotillik, do'pposlash, jarohat yetkazish, xo'rlash, qo'rqitish va hibsga olish kabi jinoyatlar sodir etilgan.

"O'ldirilganlar terrorchi guruhlar tomonidan to'g'ridan to'g'ri nishonga olingan yoki terror hujumlari natijasida jon bergan", - deydi Sharifiy.

Jurnalistlar hayotiga tahdidlar, ayniqsa, Afg'oniston sharqida kuchaygan. Chunki bu yerda jangari guruhlar ancha faol.

May oyida Afg'oniston teleradiokompaniyasiga uyushtirilgan hujumda kanalning to'rt xodimi halok bo'lgan edi. Germaniya elchixonasi yaqinida yuz bergan ulkan portlashda ham to'rt jurnalist hayotini boy berdi.

Mart oyida parlament binosida yuz bergan xuruj ham ikki jurnalistning umriga zomin bo'ldi.

Hisobot mualliflariga ko'ra, OAV xodimlariga qarshi yuz bergan zo'ravonliklarning 46 foiziga Afg'oniston hukumatiga yoki xavfsizlik kuchlariga aloqador shaxslar sababchi bo'lgan.

"Hukumat rasmiylari ularning noqonuniy faoliyatlarini fosh qilgan jurnalistlarga nisbatan zo'ravonlik sodir etgan holatlar mavjud", - deyiladi hisobotda.

Hukumat jurnalistlar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlarni kuchaytiryapti, ammo bu choralar ijrosi ancha zaif va kutilgan samarani bergani yo'q.

Zo'ravonlik holatlari yuqori bo'lgani bois jurnalistlar orasida ayollar juda kam. 34 viloyatning kamida o'ntasida birorta ham ayol jurnalist yo'q.

BMT chiqargan so'nggi hisobotda ham Afg'onistonda zo'ravonlik holatlari kuchayib borayotgani xavotir bilan tilga olingan. Unga ko'ra, 2017-yilning dastlabki oyida 1600 dan ortiq tinch fuqaro vakillari halok bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG