Breaking News

Qandahordagi operatsiya avval o’ylanganidan uzoqroq davom etadi


AQSh generali Stenli Makkristal ta’biricha, Afg’onistonning Qandahor viloyatida Tolibon bilan kurash oldin rejalanganidan uzoqroq, ya’ni bir necha oy davom etishi mumkin.

Operatsiya muvaffaqiyatli kechishi uchun dastlab afg’on ahli qo’llab-quvvatlovini olish kerak, deydi u. Bu esa ko’proq vaqt talab qiladi – muhimi tez emas, to’g’ri qaror qabul qilish.

Qandahor toliblar qarorgohi sanaladi. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts so’zlariga ko’ra, qo’shinlar hududga kirib borar ekan, talofat ko’lami oshishi va to’qnashuvlar alanga olishi aniq.

Kecha janubdagi portlash NATO askarini hayotdan olib ketib, natijada hafta boshidan beri alyans talofatlari soni 19 kishiga yetgan.

Shuningdek, kecha Qandahorning Arg’anbob tumanida to’y bazmida bir kishi o’zini portlatib, 40 fuqaroni o’ldirgan. Ular orasida bolalar ham bor. 70 odam jarohatlangan. Rasmiylarning aytishicha, kuyov va uning yaqinlari Tolibonga qarshi kurashgan faollardan bo’lgan.

Biroq toliblar buni rad etib, tinch aholiga ziyon qilgan emasmiz, bu xorij qo’shinlarining ishi deydi.

Kuni-kecha Kobulga safar qilgan Britaniya yangi Bosh vaziri Deyvid Kameron Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natmoqchi emas. “Bu haqda hatto o’ylayotganimiz ham yo’q” deydi qirollik siyosatini qayta ko’rib chiqayotgan arbob. Biroq Britaniya AQSh prezidenti Barak Obamaning afg’on strategiyasini to’liq qo’llab-quvvatlaydi.

Afg’onistonda jang qilayotgan NATO qo’shini shu yil muvaffaqiyatga erishishi lozim, bu ham afg’on xalqi, ham Britaniya ahli uchun muhim, deydi u.

Bundan tashqari, Kameron ma’muriyati portlovchi moslamalar xavfi bilan kurashish maqsadida qo’shimcha 98 million dollar sarflashni rejalamoqda.

Afg’onistonda 10 ming ingliz zobiti bor – ya’ni qo’shin soni jihatidan AQShdan keyin ikkinchi o’rinda. 2001 yildan beri qirollik 300 askaridan ayrilgan.

Vashington NATO davlatlarini Afg’onistonga qo’shimcha askar, mutaxassis jo’natishga undab keladi. Biroq Yevropa va Amerika ahli afg’on urushidan toliqqan va hukumatdan o’g’il-qizlarni vatanga qaytarishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG