Afg'on zaminida xorijiy qo'shin ortishi vaziyatni qanchalik o'zgartiradi?


Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, NATO, Afg’onistonga qo’shimcha kuch jo’natishga tayyorlanar ekan, mahalliy faollar va tahlilchilar kelajak haqida bir fikrda emas.

Ayrimlar xorijiy askarlar sonini oshirish tinchlikka ko’maklashadi desa, boshqalar mahalliy kuchlarni tarbiyalash, malakalarini oshirish, moliyaviy va harbiy yordamni kuchaytirish zarur, deydi. Hukumat NATO yordamini “hayotiy” deya qayd etadi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bilan muloqotidan keyin bu borada e'lon qilar ekan, qancha askar safarbar etilishi haqida og'iz ochmadi.

Afg’oniston mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, NATO kuchlarini oshirish bu vazirlikning to’rt yillik loyihasini tatbiq qilishda yordam beradi va hukumat bu harakatni quvvatlaydi.

Ayrim qonunchilar nazarida askarlar sonini ko’paytirishdan ko’ra, ekstremistlarni tarbiyalayotgan Pokiston davlatiga bosim o’tkazish zarur. AQSh va NATO ishtirokidagi davlatlar Pokistonga qarshi moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalarni joriy etishi lozim, deydi ular.

“Xorijiy askarlarga sarflanayotgan mablag’ agar afg’on harbiylariga sarflansa yoki havo kuchlari quvvatlansa, yaxshiroq natija berishi mumkin”, - deydi deputat Muhammad Nazir Ahmadzay.

Qonunchi Zahir Sodot nazarida, afg’on harbiylarini quvvatlaydigan har qanday loyiha tinchlik ta’minlanishiga yordam beradi.

Sobiq harbiy Abdul Mo’min Makrit xorijiy davlatlar berayotgan va’dalarga ishonmaydi. Unga ko’ra, ularning so’zi va ishining natijasi bir xil emas.

“Biz xorijiy askarlar sonini oshirish foydamizga deb o’ylamasligimiz kerak. Chunki xorijiylar ishlarida sodiq emas. Ular, o’zlarining mintaqaviy raqiblari uchun bunday ishlarni qiladi”, - deydi Abdul Mo’min Makrit.

Suhbatdosh afg’on harbiylarining oyoqqa tura olmaganiga harbiy tizimdagi muammolar va korrupsiyani sababchi deb biladi. “Afg’on harbiylari o’z ishida mustaqil emas”, - deydi Makrit.

Toliblar chet ellik askarlar soni oshirilishiga qarshilik bildirar ekan, “Afg’oniston Islomiy partiyasi” rahbari Gulbiddin Hikmatyor ham bu borada fikr bildirdi.

“Xorjiy askarlar sonini oshirish muammoning yechimi emas, bu ayni holda ziddiyatlarni kuchaytiradi. 160 ming xorijiy askarlar jangga yakun yasay olmagan ekan, bu safargi juda oz sondagi askarlarni jo’natish vaziyatga ta’sir qilmaydi. Ham siyosiy, ham harbiy srategiya qayta ko’rib chiqilishi zarur. Jangning 17 yildan beri davom etayotgani olib borilgan siyosat muvaffaqiyatsiz ekanini bildiradi”, - deydi Hikmatyor.

Mutaxassislar deydiki, Afg’onistondagi 16 yillik urush NATO va AQSh uchun katta tajriba bo’lishi kerak. Ham NATO, ham Donald Tramp rahbarligidagi Amerika yangi strategiyasida oldingi xatolarni qilmasligi lozim.

Afg’oniston muammosini harbiy yo’l bilan hal qilish mumkin emas, deydi ayrimlar, chunki ekstremistlarni qator davlatlar himoya qiladi. Taraflar siyosiy jihatdan kelishmagunga qadar urush davom etaveradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG