Breaking News

Afg'oniston yangiliklari - 12-sentabr, 2021-yil


Afg'oniston yangiliklari - 12-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:07 0:00

Tolibonning so'zlariga ishonish mumkinmi?

11-sentabr kuni Amerika Qo’shma Shtatlari 2001-yil xurujlarida sodir bo’lgan 3000 dan ortiq odamni xotirladi. Mazkur voqealar ketidan Afg’onistonda boshlangan urush bir necha kun oldin xorijiy qo’shinlarning to’liq evakuatsiyasi bilan yakunlandi. Natija o’sha-o‘sha – al-Qoidaga yordam bergani uchun 20 yil oldin hokimiyatdan olingan Tolibon hokimiyatga yana qaytdi.

Islomiy harakat bu gal boshqaruv uslubi o’zgacha bo’lishini bildirmoqda, biroq yolg’iz toliblardan iborat yangi hukumat tarkibi bunga shubhalar uyg’otmoqda.

“Turli siyosiy kuchlarni yangi hukumatga kiritishga chaqirganlar va umid qilganlarning hafsalasi bir po’lishi aniq. Ro’yxatda birorta ayolning ismi yo’q. Tolibonga aloqador bo’lmagan odamlar, sobiq rasmiylar, ozchilikdagi guruhlarning birorta rahbari ham kiritilmagan”, - deydi BMTning Afg’onistondagi missiyasi rahbari Debora Lions.

Shunga qaramay, ba’zi narsalarda o’tmishdagi harakatlardan farq ko’rinmoqda. Masalan, Tolibon xorjiy elchixonalar va BMT binolariga tekkani yo’q, garchi ko’p mamlakatlar diplomatik vakolatxonalarini yopgan bo’lsa-da. Toliblar, shuningdek, ularga qarshi jang qilgan barchaga amnistiya e’lon qildi, inson huquqlari, jumladan ayollar huquqlarini islomiy mafkura asosida himoya qilishga so’z berdi.

Xalqaro hamjamiyat Tolibon xulqini o’zgartirishda Afg’onistonning tashqi yordamga tobeligidan foydalanishga umid qilyapti.

“Katta miqdorda gumanitar yordamni yetkazishga ehtiyoj bor. Xususan, sog’liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, sanitariya va boshqa mahsulotlarga kelganda”, - deydi Lions.

20 yil oldingi vaziyatdan yana bir farq shuki, afg’onlar bugun ancha o’qimishli, dunyo bilan ijtimoiy sahifalar orqali bog’langan. 2004-yilda qabul qilingan konstitutsiya ayollarni teng huquqli qilgan, biroq ba’zilarning xavotir olishicha, bu huquqlar endi olib qo’yilishi mumkin.

Afg'on ayollari huquqlarini talab qilishda davom etmoqda

So’nggi kunlarda afg’on ayollari huquqlarini himoya qilish maqsadida ko’chada namoyish qilmoqda. 20 yil oldin bunday manzarani tasavvur qilib bo’lmasdi.

“Afg’onistondan ketish niyatim yo’q. Xalqaro hamjamiyatning Tolibon hukumatini tan olishiga qarshi kurashaman. Agar Tolibon hukumati tan olinsa, boshqa mamlakatdan boshpana olib ketishga majbur bo’laman”, - deydi faol Tamanno Zaryab Parvoniy.

Xalqaro hamjamiyat Tolibonni tan olishga shoshilmayapti. G’arb davlatlari yangi hukumatning ayrim andozalarga rioya qilishini talab qilmoqda.
Tolibon so’nggi 20 yilda katta o’zgarishlarga yuz tutganini bildiryapti.

"Xulqimiz o’zgardi, ancha xushmuomala bo’ldik”, - deydi Hofiz Sulton Ahmad ismli toliblardan biri.

Iqtisodiyotni tiklash uchun xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni yo’lga qo’yish muhim. Buni Tolibon ham anglab turibdi. Harakat qo’mondonlaridan biri Rahimulla Hijratning aytishicha, yangi hukumat xorijiy diplomatlarning qaytishini, yopilgan elchixonalarning qayta ishga tushishini istaydi.

Toliblar xalqaro sahnada hamkorlik tarafdori, biroq mamlakatni o’z uslubida boshqarmoqchi. Ayollarni oliy ta’lim olishdan mahrum qilmoqchi emas, ammo sinfxonalarda bundan keyin jinsiy ajratishga rioya qilinadi.

Tolibon ta'lim vaziri: Ayollar ta'lim olish huquqidan mahrum etilmaydi

Muvaqqat ta’lim vaziri Mavlavi Abdul Boqi Haqqoniyning matbuot anjumanida aytishicha, ayollarga ayol o’qituvchilar ta’lim beradi, biroq ularning soni yetishmasa, erkak muallimlar ham dars o’tishi mumkin. Bunday vaziyatda, deydi Haqqoniy, talaba qizlar yuzini yopishi, muallim bilan o’rtada parda tortilishi yoki dars teleekran orqali o’tilishi mumkin.

"Afg’onistonda oldingiga qaraganda ta’lim muassasalari ko’pligidan xursandmiz – ham davlat, ham xususiy. Demak, Afg’onistonni qayta qurishga umid bor”, - dedi vazir.

Afg'onistonda ichki ko'chirilganlar uylariga qaytmoqchi

Tolibon hukumati oldidagi birinchi darajali masala iqtisodiyotni yo’lga qo’yish, o’tgan oy Tolibon hujumlari natijasida uylarini tark etgan odamlarga xonadonlariga qaytishi uchun sharoit yaratish.

Bu odamlarning bir qismi poytaxt Kobulda palatkalarda yashamoqda. BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi bergan ma’lumotga ko’ra, so’nggi oylarda yarim million odam uyidan qochgan.

"Hammamiz qashshoqlashdik. Urushdan charchaganmiz. Salkam 40 yildan beri urush. Hukumat islomiy, xavfsiz, barqaror bo’lsin”, - deydi shunday afg’onlardan biri.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kelayotgan hafta vazirlar majlisini o’tkazib, yil oxirigacha salkam 11 million afg’onning gumanitar ehtiyojlari uchun 606 million dollar ko’tarmoqchi.

AQShda 11-sentabr xurujlarining 20 yilligi xotirlandi

Tolibon Amerika ustidan g’alabasini nishonlayotgan bir paytda AQShda ushbu urushga sabab bo’lgan xurujlarning 20 yilligi xotirlandi. Ikki mashhur osmono’par binosidan ayrilgan Nyu-York shahrida xotira marosimlari o’tkazildi.

Prezident Jo Bayden sobiq rahbarlar Jorj Bush va Barak Obama bilan birga imoratlar qulagan joyda rafiqalari bilan turishdi. So’ng Bayden Pensilvaniya shtati va poytaxt Vashingtondagi marosimlarda ham qatnashdi.

Jorj Bushning aytishicha, 11-sentabr xurujlari amerikaliklarni birlashtirdi. Bayden uning bu nutqini olqishlab, xalqni bu gal ham bir bo’lishga chaqirdi, Afg’onistondan qo’shinlarni chiqarish qarorini yana bir bor himoya qildi.

"Al-Qoida qaytib kelishi mumkinmi? Albatta. Dunyoning boshqa joylarida ularni ko’rish mumkin hozir. Demak, al-Qoida bor har joyni bosib olib, qo’shin jo’natish kerakmi?” – dedi u.

Sobiq prezident Donald Tramp 11-sentabr voqealarini xotirlash uchun boshqa rahbarlarga qo’shilmadi. U Nyu-York shahridagi politsiyachilar va o’t o’chiruvchilar bilan uchrashib, Baydenning qo’shinlarni chiqarish qarorini keskin tanqidga oldi.

"Chekinganday bo’ldik, yengilganday bo’ldik. Ammo aslida biz yengilmadik, xalqimiz, askarlarimiz yengilmadi. Bayden va uning layoqatsiz ma’muriyati taslim bo’ldi”, - dedi Tramp.

Tolibon: AQSh o'z maqsadlariga erisha olmadi

Tolibon jangchilari 11-sentabr kuni AQShning Kobulda tashlab ketilgan elchixonasi oldida turib, Amerika boshlagan urush Afg’oniston va mintaqaga tinchlik keltirmaganini aytdi. Tolibon generallaridan birining aytishicha, AQSh bu urush bahonasida shunchaki Xitoy, Rossiya, Eron va Markaziy Osiyodagi hukumatlarni ag’darmoqchi bo’ldi, ammo maqsadiga erisha olmadi.

"Afg’on tuprog’idan qo’shni mamlakatlar, Eron yoki Pokistonga qarshi hujum uyushtirishlariga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG