Breaking News

Afg'oniston yangiliklari - 14-sentabr, 2021-yil


Toliblar Kobul istirohat bog'ida
Toliblar Kobul istirohat bog'ida

Tolibon hokimiyatga kelganiga bir oy vaqt bo’libdiki, iqtisodiyotni tiklash uchun hali biror harakat ko’ringani yo’q. Kobulliklar ish yoq’ligidan nolimoqda.

"Hammamiz ochmiz. Na un bor, na yog’. Hukumat ish o’rinlarini yaratishi kerak”, - deydi ulardan biri.

Qassob bo’lib ishlayotgan yana bir poytaxtlikning aytishicha, shahar tinch, ammo ish yaxshi emas.

BMT Xalqaro Oziq-ovqat dasturining Afg’onistondagi vakili Meri-Ellen Makgroartining aytishicha, mamlakatga gumanitar yordam yetkazilmasa, oy oxirigacha oziq-ovqat zaxiralari tugashi mumkin. Afg’onistonda 14 million odam ochlik yoqasida turgani aytiladi.

"Tashkilotimiz qahraton qish kelmasidan va tog’ yo’llari qor bilan to’silmasidan Afg’onistonga imkon qadar ko’p oziq-ovqat olib kirishga harakat qilyapti. Xalqaro hamjamiyatdan 200 million dollar so’raganmiz. Bu pul zudlik bilan oziq-ovqat sotib olib, uni o’z vaqtida mamlakatga yetkazish uchun zarur”, - deydi rasmiy.

Yevropa Ittifoqi gumanitar yordam uzatishga tayyor taraflardan biri bo’lib, tashkilotning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Tolibon bilan gaplashishga majburmiz, deydi.

Unga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Kobulda diplomatik vakolatxona ochish haqida a’zo davlatlar fikrini o’rganadi.

"U yerdagi vaziyatga ta’sir qilish uchun Tolibon bilan muloqot qilishga majburmiz”, - dedi Borrel.

Yevropa Komissiyasi evakuatsiya qilingan 30 ming afg’onni joylashtirish uchun 300 million yevro ajratilishiga umid qilmoqda.

Tolibon hukumatining muvaqqat tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning matbuot anjumanida aytishicha, Tolibon qardosh mamlakatlar bilan ijobiy muloqot olib bormoqda, BMT, qo’shni mamlakatlar bilan aloqalar yaxshi. Islomiy Amirlikka ko’p davlatlar ijobiy munosabat bildiryapti, deydi u.

“Amirlik AQShga evakuatsiyada yordam berdi, ammo minnatdorchilik bildirish o’rniga Amerika pullarimizni muzlatib qo’ydi. AQSh buyuk davlat, sabrli bo’lishni o’rganishi, Afg’oniston kabi zaif va qashshoq mamlakatni jazolamay, yordam berishi kerak”, - dedi vazir.

Afg’oniston janubidagi Qandahor shahrida minglab odam namoyish qilib, 3000 ga yaqin oilaga harbiylar uchun ajratilgan uylarni tark etish talabiga norozilik bildirdi. Odamlarga uch kun muhlat berilgan.

Bu mahallalarda iste’fodagi generallar oilalari va afg’on xavfsizlik kuchlariga aloqador odamlarning qarindoshlari yashaydi.

Tolibon hokimiyatga kelishi bilan ayrimlar dam olish maskanlari va bog’dagi attraksionlar yopiladi deya xavotir olgan edi, biroq bugun bir guruh toliblarning Kobul bog’ida ana shunday attraksionlarning birida vaqtichog’lik qilayotgani tasvirga tushdi. O’tgan oy siyosiy o’zgarishlar natijasida istirohat bog’i ancha huvillab qolgan edi.

Tolibon islomiy madaniyatga xilof bo’lmagan madaniy tadbirlar va mashg’ulotlarga ruxsat bergan. 25 yil oldin Tolibon ko’plab ko’ngilochar maskanlarni yopgan, musiqa, video o’yinlarni bekor qilgan, qoidabuzarlarni qattiq jazolagan edi.

Bu o'rtada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken dushanba kuni Kongressda qonunchilarga qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish qarori xususida hisobot berdi. Respublikachilar Prezident Baydenning bu qarorini tanqid qilayotgan bir paytda Blinken uni himoya qildi.

“Afg’onistonda uzoqroq qolsak, afg’on xavfsizlik kuchlari yoki hukumati kuchliroq va mustaqilroq bo’lib qolishiga isbot ko’rmadim. Agar 20 yilda yuz milliardlab dollarlik yordam, qurol va tayyorgarlik bu maqsadga erishishga yetmagan bo’lsa, yana bir, 5 yoki 10 yilda nimani qoyillatgan bo’lardik?” – dedi Blinken.

Evakuatsiya nafaqat tartibsiz, balki qonli ham bo’ldi. 124 ming kishini Afg’onistondan qisqa vaqt ichida olib chiqish uchun o’nlab odam, jumladan 13 amerikalik askar qurbon bo’ldi.

Respublikachi qonunchilar nazarida, evakuatsiyani silliqroq, AQSh obro’siga xalqaro sanhada putur yetkazmasdan qilsa bo’lardi.

“Tolibon al-Qoidaga boshpana bergani uchun Afg’onistonga kirganmiz, to’g’rimi? Al-Qoida bizga 11-sentabr kuni hujum qilgan. Endi esa 20 yil o’tib, Tolibon yana hokimiyatga qaytdi. Ustiga ustak, milliardlab dollarga teng uskuna va qurollarimiz ularning qo’liga tushdi. Tolibon yana terrorchilar uchun boshpanaga aylandi. Qanaqasiga bu yirik mag’lubiyat bo’lmasin?” - deydi respublikachi kongressmen Stiv Chabot.

Blinkenga ko’ra, AQShning Afg’onistondagi harakatlari natijasida al-Qoida tahdidi bartaraf etildi, Qo’shma Shtatlar xorijdagi amaliyotlardan muhim saboq chiqardi.

“Mamlakatimizga tahdid solayotgan terrorchilarni yo’q qilishga ustamiz. Afg’onistonda eng boshida shunday bo’ldi ham. Biroq jamiyatlarni o’zgartirish uchun harbiy kuchni ishga solishda na imkoniyat bor bizda, na salohiyat. Kelajakda bu ish bilan shug‘ullanish bizga kerakmi? Shu haqda o’ylashimiz kerak”, - dedi Blinken.

Baydenga partiyadosh qonunchilar ham Oq uyning evakuatsiya uslubini tanqid qilsa-da, Bayden o’zidan oldingi prezident Donald Tramp kelishgan shartnomaga amal qilishga majbur bo’ldi, deydi.

“Tramp kelishuvi natijasida Afg’oniston hukumati 5000 mahbusni qamoqdan ozod etishga majbur bo’ldi, Tolibonni xalqaro sahnada qonuniy kuch qilib ko’rsatdi. Kelishuv Tolibonni o’z safidan terrorchilarni chiqarishga unday olmadi, harakatdan afg’on hukumatiga hujumlarni to’xtatishni talab qilmadi. Bitim mamlakatdagi siyosiy tartibning o’zgarishiga sabab bo’ldi”, - deydi Vakillar palatasining demokrat a’zosi Gregori Miks.

Qo’shma Shtatlar Tolibonni Afg’onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olgani yo’q. Blinkenning aytishicha, 100 ga yaqin amerikalik hali ham bu mamlakatda qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG