Breaking News

8-sentabr Afg'oniston yangiliklari


Xalqaro hayot – 8-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:41 0:00

Blinken Germaniyada Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qildi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Germaniya Tashqi ishlar vaziri Hayko Maas hamkor va ittifoqchi davlatlar vazirlari bilan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Rasmiylar Afg’onistonga gumanitar yordam yetkazish, evakuatsiyaga 31-avgustgacha ulgurmagan odamlarni mamlakatdan chiqarish xususida gaplashgan.

Blinkenning aytishicha, Tolibon Afg’onistonni tark etish istagida bo’lgan fuqarolarga bunga ruxsat berishga va’da bergan. Onlayn muloqot chog’ida aksilterror harakatlar, Afg’onistonda inson huquqlarini ta’minlash haqida ham gap ketgan.

Pokiston Tolibon hukumatini mintaqaviy anjumanga chaqirishni taklif etmoqda

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy Afg’onistonda gumanitar va iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida mintaqadagi olti davlat ishtirokidagi anjumanga Tolibon delegatsiyasini ham chaqirishni taklif etmoqda.

Qurayshiy Xitoy, Tojikiston, O’zbekiston, Eron va Turkmaniston vazirlari bilan onlayn muloqot chog’ida afg’on strategiyasini muhokama qildi.

"Kelajakda Afg’onistonni ham safimizga taklif etish g’oyasi bor. Uning ishtiroki Afg’onistonda bardavom tinchlik va barqarolikni ta’minlashga qaratilgan mushtarak harakatlarimiz samarasini oshiradi”, - dedi u.

Yevropa Ittifoqi Afg'onistonga gumanitar yordam yetkazishda davom etadi

Yevropa Komissiyasining vitse-prezidenti Marosh Shevchovichning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Afg’onistonga favqulodda yordam yetkazishda davom etgan holda Tolibon bilan boshqa masalalarda hamkorlik qiishdan oldin uning siyosatini yaqindan kuzatadi.

"Gumanitar yordam xavfsizligini hamda uning muhtojlarga yetib borishini ta’minlashda Tolibon bilan gaplashamiz”, - dedi u.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining seshanba kuni ogohlantirishicha, Afg’onistonda asosiy xizmatlar, oziq-ovqat va boshqa turdagi yordam zaxiralari tugab bormoqda.

Kobulliklar iqtisodiyotdan xavotirda

Poytaxt kobulliklar xavfsizlikdan ko’ngli to’q ekanini, biroq iqtisodiyotning qachon jonlanishi ularni qiynayotganini aytishmoqda.

"Xavfsizlik ancha yaxshi. O’tayotgan har bir mashinani tekshirishadi o’g’ri yoki suiqasd bombachini qidirib. Ammo ish o’rinlari cheklangan”, - deydi Chor Qal’a tumanidan Muhammad Ahmad ismli haydovchi.

Tolibon bir kun oldin yetakchi vakillarini yangi hukumatdagi muhim lavozimlarga tayinladi. Ulardan biri Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy AQShning terrorchilar qora ro’yxatidan joy olgan.

Qandahorda qurol savdosi barq urmoqda

Bu o’rtada janubdagi Qandahor viloyatida qurol savdogarlari o’q-dori va qurol savdosi yaxshi ketayotganini aytadi.

"Oilalarga sotamiz, Tolibonga sotamiz. Qurollarning ba’zilari blok-postlardagi askarlardan tortib olingan. Bunday qurollarni bizga olib kelib sotishadi, biz esa keyin boshqalarga sotamiz”, - deydi Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin baqqol bo’lgan Xudoydad ismli qurol savdogari.

Do’konda Rossiya va Xitoyda ishlangan qurollar bor.

Evakuatsiya paytida ota-onasidan ayrilgan afg'on bolalari

Shoshilinch va tartibsiz evakuatsiya paytida ota-onasidan ajralib qolgan afg’on bolalarining bir qismi AQShning Germaniyadagi “Ramshtayn” harbiy-havo bazasida saqlanmoqda. Ayni damda ularni ota-onalari bilan qovushtirishga harakat qilinmoqda.

20 dan ortiq bola Kayzerslautern shahriga yaqin joylashgan bazadagi palatkalarda yashamoqda.

BMTning YUNISEF bolalar jamg’armasiga ko’ra, evakuatsiya qilingan 120 ming odamdan 300 ga yaqini ota-onasidan ajralib qolgan yoki yolg’iz o’zi uchgan.

"Ba’zi hollarda ota-onalar boshqa samolyotga o’tirgan bo’lishi mumkin. Bunday oilalarni qovushtirish oson”, - deydi AQSh Davlat departamentidagi rasmiylardan biri.

Unga ko’ra, ko’plarda uyali telefon bo’lgani uchun bir-birini topishlari oson bo’lyapti.

“Ramshtayn” bazasiga 140 ta reys amalga oshirilib, Afg’onistondan taxminan 34 ming odam evakuatsiya qilingan. 12 mingga yaqini hali ham palatkalarda yashamoqda. Qolganlari AQSh va boshqa mamlakatlarga ko’chirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG