Breaking News

Afg’onistonda TAPI loyihasining besh xodimi o’ldirildi


Afg'onistonning Mayvand tumani
Afg'onistonning Mayvand tumani

Afg’oniston janubidagi Qandahor viloyati rasmiylarining ma’lum qilishicha, bugun noma’lum qurollangan shaxslar TAPI (Turkmaniston-Afg’oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri) loyihasining besh nafar xodimini o’ldirib, yana birini o’zlari bilan olib ketgan.

TAPI turkman gazini Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga yetkazishni ko’zlaydi.

Rasmiylarning bildirishicha, qurbonlar Mayvand tumanining Malangkoriz hududini bombalardan tozalash paytida qurollangan shaxslar hujumiga uchragan.

Qandahor viloyatining xavfsizlik idorasi rasmiylariga ko’ra, o’ldirilgan odamlar bungacha xavfsizlik bo’yicha politsiyaga shikoyat qilmagan edi.

Hujum uchun mas’uliyatini hech bir guruh o’z zimmasiga olmagan. Lekin Qandahor viloyat politsiyasi boshlig’i general Abdul Roziq bu ishda Tolibonni ayblamoqda. Hujum yuzasigan tergov boshlangan.

TAPI gaz quvurining bir qismi Qandahor viloyatidan o’tadi. Quvur o’tishi rejalangan viloyatlarda so’nggi vaqtlarda ko’plab hujumlar sodir etilmoqda.

Bu o‘rtada Rossiyaning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zamir Kobulovga ko’ra, Tolibon Afg’onistonning 40 foizini nazorat qilmoqda. Agar AQSh ushbu guruh bilan muzokara qilmasa, urush, qon to’kishlar yillab davom etadi, deydi u.

AQSh Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Boltonga ko’ra, Qo’shma Shtatlar afg’onlar tashabbusidagi sulh muzokaralarini qo’llab-quvvatlaydi.

“Afg’oniston hukumati tinchlik muzokaralariga bosh-qosh bo’lishi kerak”,- deydi Jon Bolton.

Unga ko’ra, agar toliblar va boshqa muxolif guruhlar sulh muzokaralariga qiziqish bildirsa, jarayon Afg’onistonda tinchlikni ta’minlashga yordam beradi.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani toliblar bilan shartlarsiz muzokara qilish uchun tayyor ekanini bildirgan, Tolibon ham Amerika bilan muzokara qilishga hozir ekanini bildirgan.

Zamir Kobulovning ta’kidlashicha, toliblar Kobul bilan muzokara qilishni xohlamaydi va ular hozirgi hukumatni qo’g’irchoq deya biladi.

“AQSh Rossiya bosib o’tgan yo’ldan ketmoqda”, - deydi Kobulov.

Rossiyalik rasmiy Afg’onistonda xorijiy askarlar sonini oshirishni mojaroga yechim deb ko’rmaydi.

Sovet Ittifoqi Afg’onistonda 10 yillik harbiy amaliyoti natijasida 15000 askarini, AQSh esa 2001-yil oktabridan hozirgacha 2411 harbiysini yo’qotgan, 20 mingdan ziyodi yaralangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG