Breaking News

AQSh askarlari bilan ishlagan afg’onlar taqdiridan xavotirda


Afg'on xavfsizlik kuchlari Kobul xalqaro aeroportini qo'riqlamoqda

AQSh Prezidenti Jo Bayden may boshida amerikalik askarlar Afg’onistonni 31-avgustgacha tark etishi haqida e’lon qlishi ketidan Qo’shma Shtatlar maxsus muhojirlik vizasi dasturi doirasida 1200 dan ziyod afg’onni Virjiniya shtatining Fort-Li shahrida qabul qildi.

Bu afg’onlar Amerikaning Afg’onistondagi 20 yillik harbiy amaliyoti paytida xorijiy kuchlarga tarjimonlik qilgan. Tolibon mamlakatda hokimiyatni qo’lga olish arafasida ekan AQSh harbiylariga yordam bergan afg’onlar toliblar nishoni sifatida ko’riladi.

“Lyuteran immigratsiya va qochqinlik xizmati” tashkiloti rahbari Krish Omara Vignarajah Tolibon hukmronligi ostida xalq va, ayniqsa, ayollar turmushiga yana cheklovlar joriy etilishidan xavotir oldi. Ayollarning ishga chiqishi, o’qishi taqiqlanishi mumkin. Xususan yaqinda Qandahorda toliblar bir bankka kirib, u yerda ushlayotgan ayollarni uylariga haydagan.

“Majburiy nikoh, maishiy zo’ravonlik, odam ajratish, “nomus bilan o’ldirish” holatlari ko’payishini ko’ramiz”, - deydi Vignarajah.

AQSh askarlariga 11 yil tarjimonlik qilgan bir odamning aytishicha, so’nggi kunlarda uni uyqusizlik va umidsizlik qiynamoqda. Asl ismini oshkor etishdan bosh tortib, o’zini Hoji deb tanishtirgan bu afg’onga ko’ra, u maxsus muhojirlik vizasi tasdiqlanishini 4 yil kutdi, amerikaliklar o’ziga o’xshagan odamlarni o‘z xoliga tashlab ketmoqda.

“Men o’zim uchun qo’rqayotganim yo’q. Oilam, uch yashar qizim, besh yashar o’g’lim taqdiridan, kelajagidan xavotirdaman. Tolibon meni o’ldirib qo’ysa, ularning xoli nima kechadi? Kim ularga qaraydi? Shundan qo’rqaman”, - deydi “Hoji”.

Maxsus muhojirlik vizasini olgan afg’onlar avval Fort-Li bazasiga yetkaziladi. U yerda ular tibbiy ko’rikdan o’tadi. Shu kunga qadar 1200 dan ziyodining hujjati tasdiqlangan bo’lsa, yana taxminan 20 ming odam navbatini kutmoqda.

Tolibonning tezkor harbiy zafarlari sabab ular Afg’onistondan hozircha uchinchi mamlakatga ko’chiriladi, deydi Davlat departamenti rasmiylari. Albaniya bunga rozi bo’lgan. Kosovo o’ylanmoqda.

Vignarajah Fort-Li bazasida maxsus muhojirlik vizalariga da’vogarlar hujjatlari bilan ishlab, qochqinlar bilan suhbat qildi. Uning xavotir olishicha, arizasi hali ko’rilmaganlar Qatarga evakuatsiya qilinishi mumkin, ammo bu mamlakat Qochqinlar haqidagi xalqaro konvensiyani imzolamagan va shu sabab qochqinlarning so’z yoki harakatlanish erkinligini kafolatlamaydi.

Undan ko’ra, deydi mutaxassis, qochqinlarni Amerikaga qarashli hududga ko’chirish zarur.

AQShning Afg’onistondagi maxsus askarlariga olti yil tarjimonlik qilgan Ismoil Xon bir necha bor o’limdan qolgan.

U maxsus muhojirlik vizasi yordamida turmush o’rtog’i va farzandlari bilan Amerikaning shimoli-g’arbida joylashgan Vashington shtatiga joylashdi. Ammo Afg’onistonda uning yana 38 ta yaqin qarindoshi qolgan. Ismoil Xon ularning taqdiridan xavotirda.

“Ularning hayoti xavf ostida, boradigan joylari yo’q”, - deydi u.

Xon maxsus muhojirlik vizasiga talabgorlarning ota-onalari va aka-opalarini ham qo’shishga chaqiruvchi petitsiyani internetga joylashtirib, uni Kongressga taqdim etmoqchi.

Ayrim siyosatchilar afg’on xavfsizlik kuchlarining bu qadar tez mag’lub bo’lganida AQShni ayblarkan, Amerika Davlat kotibi Entoni Blinken bunday vaziyatda birinchi darajali vazifa mamlakatdan barcha amerikaliklar va ular bilan ishlagan afg’onlarni olib chiqish ekanini aytdi. Ularning va jarayon xavfsizligini ta’minlash uchun Afg’onistonga qo’shimcha askarlari safarbar etilgan - bir qismi AQSh elchixonasi, qolgani esa Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG