Breaking News

Afg'oniston strategiyasini tuzatish kerak, deydi tahlilchilar


Prezident strategiya pand beryapti degan da’volarni rad etadi. Afg’oniston, deydi Obama, Iroq emas. Ijobiy o’zgarishlar vaqt va sabr-toqat talab qiladi.
Prezident strategiya pand beryapti degan da’volarni rad etadi. Afg’oniston, deydi Obama, Iroq emas. Ijobiy o’zgarishlar vaqt va sabr-toqat talab qiladi.

Barak Obamaning ta’kidlashicha, Afg’onistondagi vaziyat Iroq bilan taqqoslaganda o’n chandon og’ir, lekin amaldagi strategiya pand beryapti, deb bo’lmaydi.

“So’nggi olti oyda Afg’onistonga yana 30 ming askar jo’natdik, ushbu qaror natija berishiga ishonamiz”, - deydi AQSh rahbari.

Siyosatshunos mutaxassislar nazarida esa urushning to’qqizinchi yilida ham strategiya asosan harbiy kuchga tayanishdan iborat bo’lib qolmoqda.

Afg’onistonning Arg’andab vodiysi -- bu yerda o’tkazilgan so’nggi amaliyot ko’ngildagidek o’tdi, deydi harbiylar.

AQSh yoki afg’on zobitlari orasida talofat yo’q, jangarilardan esa kamida 20 nafari yo’q qilingan. Xalqaro qo’shin avval qadam bosmagan yerlarga kirib borar ekan, Tolibon qarshilik ko’rsatish o’rniga bu safar chekinishni afzal bildi.

Biroq ishning og’iri hali oldinda: Tolibonga xayrixoh aholi ishonchini qozonish, ularning ko’ngliga yo’l topish lozim.

Barak Obamaning aytishicha, bu afg’on strategiyasining negizida yotgan masala. Prezident strategiya pand beryapti degan da’volarni rad etadi. Afg’oniston, deydi Obama, Iroq emas. Ijobiy o’zgarishlar vaqt va sabr-toqat talab qiladi.

Lekin o’lkadagi vaziyat bilan tanish bir guruh mutaxassislar ish uslubini yangilashni, xususan askar sonini kamaytirishni maslahat bermoqda.

Sobiq rasmiylar va mintaqa bo’yicha ekspertlardan tuzilgan “Afg’oniston Ishchi Guruhi” nazarida, qo’shin sonini sekin-asta kamaytirish va bora-bora harbiy harakatlarga yakun yasash zarur. Pol Pillar 28 yil razvedkada ishlagan.



“Afg’oniston va chegaraning narigi tomoni – Pokistondagi ekstremist guruhlarni AQShga qarshi bir yoqadan bosh chiqarishga undayotgan o’zimiz”, - deydi sobiq razvedkachi.

Guruh olg’a surayotgan asosiy xulosa shuki, Qo’shma Shtatlar bundan to’qqiz yil oldin Afg’onistonga kirib borganida belgilangan maqsadlardan chalg’imoqda. Ya’ni muddao al-Qoidaning Afg’onistondagi bazalarini yer bilan yakson qilish edi va bunga allaqachon erishilgan.

Al-Qoida hozir ancha zaiflashgan, deydi tahlilchilar. Bu yerda qayta qo’nim topishi amrimahol.

Al-Qoida faoliyatini asosan Pokiston va boshqa davlatlardan turib olib bormoqda. Pol Pillar fikricha, Afg’onistonga qaytishi uchun biror arziguli sabab bor deyish qiyin.

Siyosat va taraqqiyot bo’yicha qator ilmiy asarlar muallifi Charls Kupchan puxta reja kerak, deydi.

“Toliblar Afg’onistonda kuchga to’lsa ham, al-Qoida bilan avvalgi hamkorlikka qaytmaydi, deb ishonch bilan aytish qiyin. Qo’shma Shtatlar buning oldini olishga harakat qilsa to’g’riroq bo’ladi”, - deydi siyosatdon.

Bu maqsadga erishish uchun havo va dengiz kuchlarining o’zi kifoya, katta sonli qo’shinga hojat yo’q, deydi tahlilchilar. Harbiy amaliyotlar bilan bir qatorda Afg’onistondagi turli siyosiy guruhlar, jumladan Tolibon harakati bilan muloqot boshlash tavsiya qilinadi.

Afg’on prezidenti Hamid Karzay aynan shu maqsadda yaqinda maxsus kengash tuzdi.

Karzay Tolibon a’zolarini zo’ravonlikdan voz kechib, davlat bosh qomusini tan olishga da’vat etmoqda. Toliblar muzokarani bir necha bor rad etgan. Ularning talabi – ajnabiy kuchlar Afg’onistonni tark etsin.

Vashingtondagi Yangi Amerika tahlil markazi xodimi Metyu Xo deydiki, konstitutsiyani tan olish shart qilib belgilanishi to’g’ri emas. Muzokaraga radikal guruhlarning barcha a’zolarini jalb qilish kerak. Bugunga kelib, aniq aytish mumkin - harbiy yo’l bilan hech narsaga erisha olmaymiz, deydi u.

“Afg’onistonda ko’pchilik hukumatdan bezigani, unga umuman ishonch qolmagani uchun ham Tolibonni yoqlaydi. Bu guruhlarni siyosiy jarayonga jalb qilish lozim. Barqarorlikka erishishning bir yo’li shu”, - deydi tahlilchi.

AQSh Afg’onistondagi urushga har yili taxminan 100 milliard dollar sarflaydi. Armiya safidagi talofatlarni qo’shib hisoblaganda, bu davlatga juda qimmatga tushmoqda.

Obama ma’muriyati, deydi izlanish mualliflari, amaldagi strategiya ustida oyoq tiramasdan, qarz hisobiga moliyalanayotgan urushga nuqta qo’yish haqida o’ylashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG