Afg’onistonning Chahar Asyab tumanida xudkush bombachining afg’on maxsus kuchlariga qarashli bazaga hujumi natijasida kamida uch odam o’lgan, 15 kishi yaralangan.
Bomba bazada ishlovchi noharbiy pudratchilar darvoza yonida turgan payt portlagan. Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Tariq Oriyon xurujda Tolibon harakatini ayblagan.
Bundan bir kun oldin bazani Mudofaa vaziri Asadulla Xolid va AQShning Afg’onistondagi harbiy kuchlari qo’mondoni general Skot Miller ko’zdan kechirdi
Millerning aytishicha, agar Tolibon hujumlarni bas qilmasa, AQSh zarbasiga uchraydi.
Tolibon sobiq vakili Said Akbar Og’a nazarida, AQSh generali Tolibonga murojaat qilishdan oldin ikki tomon o’rtasidagi bitimga amal qilishi zarur, ya’ni qamoqdagi toliblar ozod etilishi lozim.
Ayrim xabarlarga ko’ra, tolib mahbuslarning 46 nafari koronavirusga chalingan. Tolibon bunda ularning ozod etilishini paysalga solayotgan Qo’shma Shtatlarni aybladi.
Afg’onistonda salkam 2000 odam virusga chalingan bo’lsa, 58 nafari o’lgan. Biroq ayrim manbalar mamlakatning yarmi kasalga duchor bo’lishi, 100 mingdan ortiq odam o’lishi mumkinligi haqida taxmin qilmoqda.
Bu o’rtada ayrim xabarlarga ko’ra, koronavirus pandemiyasini Afg’onistonda AQSh harbiylariga tahdid deb bilgan Prezident Donald Tramp maslahatchilari bilan askarlarni bu mamlakatdan to’liq chiqarish xususida tortishmoqda.
Afg’onistonlik tahlilchi Najib Ozodning aytishicha, Tramp bu bilan afg’on hukumatiga bosim qo’ymoqchi.
Facebook Forum