Breaking News

Doha: Afg’on hukumati Tolibon bilan muloqotda


Afg’oniston rasmiylari, Tolibon vakillari, afg’on Oliy tinchlik kengashi a’zolari, mustaqil ekspertlar va Tolibonga kirmagan va hozirda bir-biri bilan jang qilayotgan maydaroq guruhlar Qatar poytaxti Dohada muloqotda.

Yakshanba kuni boshlangan va ikki kun davom etishi rejalangan bu uchrashuvdan maqsad – Prezident Ashraf G’ani rahbarligidagi hukumat hamda toliblar o’rtasidagi kelishmovchiliklarni muhokama qilish va tafovutni kamaytirishdan iborat. Muzokarani bevosita kuzatayotgan va ismini oshkor etmaslikni so’ragan afg’onshunos “Amerika Ovozi”ga ikki taraf tinchlik muzokaralarini boshlashga yo’l ochib beradigan takliflarni ko’rib chiqmoqda, deb aytdi.

Uchrashuv Fan va jahon aloqalari bo’yicha Paguosh konferensiyalari hamda BMT tomonidan tashkil etilgan.

Tahlilchiga ko’ra, Qatardagi uchrashuvlarda Kobuldan kelgan rasmiylar hukumat emas, o’z nomidan fikr bildirmoqda.

Tolibon: "Bu tinchlik muzokaralari emas"

Tolibon harakati so’zlovchisining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, mazkur uchrashuvlar tinchlik muzokaralari emasligiga kelishilgach toliblar ularda ishtirok etishga rozi bo’lgan.

Prezident G’ani payshanba kuni Hindistonga safari chog’ida Tolibon bilan muloqotga tayyorligini bildirib, bu harakatni Afg’oniston konstitutsiyasi doirasida milliy siyosatda qatnashishga ruhsat etishga tayyorligini aytgan edi.

“Hukumatimizga qarshi chiqish uchun siyosiy sababga ega bo’lgan har bir taraf siyosiy jarayonga qo’shilishi kerak”, dedi Afg’oniston rahbari.

Toliblar esa Afg’onistonda xorijiy qo’shinlar bor ekan, tinchlik muzokaralariga o’rin yo’q, deb keladi. Guruh G’anining tinchlik so’zlashuvlarini boshlash haqdagi da’vatlariga shu paytgacha rozi bo’lmagan. Jangarilar esa mamlakat bo’ylab bahorgi hujumlarni boshlashga shay.

Harakat so’zlovchisi Zabihulla Mujahid Tolibon delegatsyasining uchrashuvda ishtiroki tinchlik muzokarasiga rozilik deya ko’rilmasligini bot-bot ta’kidladi.

Pokiston Tolibonga: "Tinchlik muzokaralarini boshlang"

Yakshanba kuni Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ayzaz Ahmad Chodri Qatardagi muzokaralarni olqishlab, toliblarni maqsadga tinch yo’l bilan erishishga da’vat etdi:

“Fikrimiz aniq: Tolibon muzokara boshlashi kerak. Agar ular Afg’onistonda tinchlik o’rnatishga hissa qo’shsa, bu biz va butun mintaqa uchun ijobiy hol bo’ladi”, - dedi u.

Rasmiy, shuningdek, Islomobod Afg’oniston bilan aloqalarni yaxshilash niyatida ekanini aytib, Kobul va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralarini boshlashi yo’lida choralar ko’rayotganini ta’kidladi.

Pokiston toliblarni qo’llab-quvvatlashda va bu orqali Afg’onistondagi zo’ravonliklarga hissa qo’shayotganlikda azaldan ayblanib keladi. Ammo rasmiy Tolibonni bahorgi hujumlardan voz kechishga va Kobul bilan so’zlashuvlar boshlashga chaqirdi.

Paguosh konferensiyalari guruhi Kanadada joylashgan bo’lib, Shveytsariya, Britaniya, Italiya va AQShda vakolatxonalariga ega. 1957-yilda asos solinganidan buyon ko’plab mamlakatlarda tinchlik anjumanlarini tashkil etgan. 1995-yilda guruh va uning a’soschisiga Tinchlik uchun Nobel mukofoti berilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG