AQSh: Afg'oniston bo'yicha strategiya yaqin kunlarda e'lon qilinadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp kelasi 10 kunda Afg'oniston bo'yicha siyosatini e'lon qilishi kutilmoqda. "Islomiy davlat" va boshqa terrorchi guruhlar regionda o'rnashib olayotgani to'g'risida xavotirlar mavjud.

Vashington o'nlab yildan buyon urush girdobida qolayotgan bu mamlakatda qo'shin sonini oshiradimi, yo'qmi, bu Tramp Oq uyga kelganidan buyon muhokamada.

"Strategiya aniq bo'lmasa, Afg'onistonga ko'proq askar yuborishdan foyda yo'q", - deydi tahlilchi Maykl Kuglman. "Zaif va tarqoq hukumat bilan qanday gaplashish, Tolibon bilan qanday til topishish uchun reja kerak".

Prezident Tramp AQSh Afg'onistonda shu kungacha tinchlikka erisha olmaganini savolga tutib keladi. Kobulda esa qarash shuki, Vashington qo'shni Pokistonga bosimni oshirishi lozim, chunki Tolibonni aynan shu davlat zimdan qo'llab-quvvatlamoqda. Islomobod bunday ayblovlarni rad etadi.

AQShning Afg'onistondagi sobiq elchisi Zalmay Halilzod yaqinda terrorchilarning Pokistondagi inlarini bombardimon qilishga undadi.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani Pentagonning yana bir necha ming askar yuborish rejasini olqishlamoqda. Ammo, deydi xavfsizlik bo'yicha ekspertlar, aniq strategiya bo'lmasa mamlakatda tinchlik qaror topmaydi.

"Obama va hatto Bush prezidentligi davrida ham qo'shin soniga haddan ziyod e'tibor qaratilgan, bunga yechim deb qaralgan. Vaholanki, avvalo aniq rejani belgilab olish kerak", - deydi professor Daniel Marki.

Ekspertlarga ko'ra, Haqqoniy kabi qonxo'r guruhlar Pokistonda joylashib olgani haqidagi da'volarda jon bor. Islomobod bu guruhlarga qarshi yetarlicha kurashmayapti, deya AQSh bu mamlakatga beradigan yillik harbiy yordamdan 50 million dollar ushlab qoldi.

Tahlilchi Maykl Kuglman so'zlariga ko'ra, Pokiston armiyasi ayrim terrorchi to'dalarni ayab o'tirmaydi, lekin boshqalariga ko'z yumadi. Tramp ma'muriyati bunday yondashuvdan norozi.

"Ularga bosim o'tkazishning bir yo'li - dron hujumlarini kuchaytirish, Pokiston o'z himoyasiga olgan terrorchilarni yo'q qilish", - deydi u.

AQSh Davlat departamentining so'nggi hisobotida Pokiston afg'on Toliboni va Haqqoniy guruhiga qarshi sust harakat qilayotgan mamlakat sifatida qayd etiladi.

Yangi elchi

Prezident Tramp Afg'onistonga yangi elchi etib Jon Bass nomzodini ko'rsatmoqda. Tajribali diplomat 2014-yildan beri Turkiyada shu lavozimda ishlab kelayapti.

Bass 1988-yildan buyon olti davlatda, jumladan Gruziyada elchilik qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG