Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, tunda qurollangan odamlar mamlakatda minalardan tozalash bilan shug’ullanayotgan “Halo Trust” xalqaro xayriya tashkiloti idorasiga hujum qilib, kamida 10 odamni o’ldirgan, 10 dan ortig’i yaralangan.
Tashkilot Britaniyaga qarashli bo’lib, voqea shimoldagi Bag’lan viloyatida ro’y bergan. Afg’on xavfsizlik kuchlari va Tolibon jangarilari o’rtasida bu yerda qattiq janglar kechmoqda.
Viloyat politsiyasi vakiliga ko’ra, o’lganlarning hammasi sapyorlar lagerida ishlovchi afg’onlar. Jangarilar ularni bir xonaga to’plab otgan.
"Boshimdan o’q yeb yiqildim. Turishga harakat qlldim, ammo yana yiqildim. Keyin turdimu oyna orasidan sakradim. Otishma hali ham bo’layotgan edi. 10 kishi o’ldi, 14 odam yaralandi”, - deydi voqea guvohlaridan biri.
Britan tashkiloti hujumni qoraladi. Unga ko’ra, hududda 100 dan ortiq odam minalardan tozalash bilan shug’ullanmoqda.
Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid toliblarning hujumga aloqadorligini inkor etdi
So’nggi kunlarda mamlakat bo’ylab Tolibon hujumlari kuchayib, AQSh va NATO kuchlari mamlakatni tark etishni boshlaganidan beri 14 tadan ortiq tuman ularning qo’liga o’tdi.
Facebook Forum