Breaking News

Amerikada hujjatsiz afrikalik muhojirlar ko’paymoqda


AQShga kelayotgan hujjatsiz muhojirlarning besh foizini afrikaliklar tashkil qiladi. Faollarning aytishicha, muhojirlaring bu toifasi immigratsiya tizimi islohotiga doir munozaralarda qatnashmaydi.

“Amerika Ovozi” yaqinda Texasning San-Antonio shahrida bo’ldi. U yerda siyosiy boshpana so’rab Afrikadan kelgan muhojirlarning bir qismi hibsxonaga joylangan, boshqalari esa sudda deportatsiyaga qarshi kurashmoqda.

Texasda immigrantlar bilan ishlovchi advokat Prisilla Olivarez mijozlarining aksariyati Meksikadan AQShga noqonuniy o’tayotganda chegarada ushlangan latinolardir. Yaqindan beri afrikaliklar ham ana shu yo’nalishda qo’lga olina boshladi. Ular yaxshiroq hayot ilinjida mashaqqatga to’la yo’l yurgan.

“Aksariyati ta’qiblardan himoya so’rab boshpanaga murojaat etishga majbur. Agar ularni vataniga qaytarishsa, zug’umga uchrashi ehtimoli bor”, - deydi huquqshunos.

Olivarez Syerra-Leonedan qochgan Simeon Koroma ismli odamning ishi bilan shug’ullanyapti. Koroma Texasdagi hibsxonada vaqtincha saqlanmoqda. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi “Amerika Ovozi”ga uni ichkarida intervyu qilishga ruxsat bermadi, telefon orqali gaplashishga muvaffaq bo’ldik, xolos.

“Syerra-Leoneda meni ta’qib etishardi”, - deydi u.

Advokatiga ko'ra, Simeon mamlakatiga qaytishdan qo’rqadi, uni qamab, zo’rlashlari mumkin.

Koromaning aytishicha, u Amerikaga Braziliyadan Janubiy va Markaziy Amerika orqali boshqa migrantlar bilan kelgan.

“200 kilometrlik masofani to’rt kunda bosib o’tdik. Yettita tog’dan oshdik, Panama daryosidan, oson bo’lmadi”, - deydi qochqin.

Koromaning siyosiy boshpana haqidagi arizasini oktabr oyida immigratsion sudya rad etib, uni deportatsiyaga mahkum etdi. Advokat apellyatsiyaga hujjat topshirgan, ungacha migrant panjara ortida o’tirishga majbur.

“Charchadim. To’qqiz oydan beri hibsxonadaman. Umrimning yana sakkiz oyini bu yerda o’tkazishni istamayman”, - deydi Koroma.

Immigratsiya sudlari siyosiy boshpana so’rab murojaat qilganlar haddan ziyod bo’lgani uchun ishlarni tez muddatda ko’rib chiqishga ulgurmayapti.

Jennifer Long Texasning Ostin shahrida immigrantlar uchun boshpana markazini boshqaradi. Hibsxonadan chiqqan qochqinlar ishlashga ruxsat olguncha vaqtincha o’sha yerda turib turadi. “Kasa Marienella” markazida yashovchilarning aksariyati hozir Afrikaning quyi-Saxara mintaqasidan.

“Afsuski, ishlari ko’rilguncha ular hibsxonada o’tirishga majbur, odatda advokat bilan gaplasha olishmaydi ham”, - deydi Long.

Unga ko’ra, hibsxonadagilarning barchasi ham ijobiy javob olmaydi. Bundaylar odatda osha yerdan to’g’ri deportatsiya qilinadi.

Advokat Olivarezning aytishicha, ko’plab hujjatlarning rad etilishiga sabab shuki, migrantlar o’z ahvoliga doir muhim ma’lumotlarni berishni lozim topmaydi.

“O’z mamlakatida bu qadar azob-uqubatlarga uchragan odamlar uchun bunday vaziyat oddiy holatga aylanadi va ular biz yoki sudya uchun muhim bo’lgan voqealarni o’rtoqlashish kerakligini anglamaydi”, - deydi Prisilla Olivarez.

AQSh-Meksika chegarasi bo’ylab hibsga olishlar kamaygani bilan Amerikada yangi hayot boshlash ilinjida kelib, hibsga olinayotgan va siyosiy boshpanaga hujjat topshirayotganlar orasida Afrikaning quyi-Saxara mintaqasi vakillari borgan-sari ko’paymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG