Breaking News

Din yetakchilari: OITSga qarshi kurashda Yaratgan yordamiga muhtojmiz


Buddist rohib, Kolombo, Shri-Lanka.
Buddist rohib, Kolombo, Shri-Lanka.

Din va OITS/OITV epidemiyasi – nozik masala, orasidagi bog’liqlik haqida ehtiyot bo’lib gapirish lozim. Ammo Janubiy Afrikaning Durban shahrida boshlangan xalqaro anjumanda faollar hamda din yetakchilari shu masaladagi hamkorlik haqida bahs olib bormoqda.

Anjuman paytida din vakillari virusga qarshi kurash va Yaratgan haqida gapirdi, dinlararo ibodatlar uyushtirdi.

Ammo dindorlarning OITVga munosabati doim ham yaxshi bo’lmagan. Masalan, katolik cherkovi virusni yuqtirgan millionlab odamlarni yakkalab qo’ygan, qoralagan.

Kamerunlik shifokor Kerolayn Jaff - katolik rohiba. OITVga qarshi kurashda cherkov o’rni haqida shunday deydi:

“Biz erkak va ayollarni sodiqlikka da’vat etamiz, chunki bu OITV virusining oldini oladi. Gomoseksuallarga kelsak, cherkov Injilga tayanadi, unda esa ayol va erkak juft bo'lib yaratilgani haqida gap boradi”, - deydi u.

Shvetsiya cherkovidan Jeypi Mokgeti-Hit esa anjumanda bir xalta prezervativ ko’tarib yurdi va o'zining gomoseksualligi hamda erkakka uylanganini yashirib o'tirmadi.

“E’tiqod - hayotimizning ajralmas qismi, din bizga barchamiz go’zal va muqaddas yo’l orqali yaratilganimiz, xudo ne’mati ekanimiz haqida bilim beradi. Demak, asosiy rolimiz nafaqat odamlarni xudoga yetaklash, balki ularga o’zini hurmat qilishni o‘rgatish, o’zining himoya, davolanish va tibbiy yordamga loyiqligiga ishontirishdan iborat”, - dedi u.

Janubiy Sudandan shifokor Ali Ahmad Ramadan boshqalarni yomonlamang, deydi.

“Musulmonman. Islom diniga ko’ra, Alloh bandalariga muhim bir narsani, tanlovni bergan. Tanlovingizga qarab odamlar sizni baholaydi. Boshqalarni ta’qib qilgan odamlar bunday yo’lni tanlar ekan, ularni nohaq deyman”, - deydi u.

Tanzaniyadagi lyuteran cherkovi namoyondasi Amin Sandeva 1994-yilda OITVga chalingan. Turmush o’rtog’i va ikki qizi kasallikdan nobud bo’lgan, kenjasi bir oylik chaqaloq edi. Bu e’tiqodim uchun sinov bo’ldi, deydi u.

Cherkovdagilar buni bilganida uni qoralashdi, boshqalardan ajratib qo’yishdi.

“Iso Masih bizga mehr-muhabbatni vasiyat qilgan. Meni yomonlab, qoralaganlar dinga rioya qilmayotganini yaxshi tushunaman. Chunki ular mehr haqida gapirsa-da, amalda o’z gaplariga rioya qilmaydi. Shu sababdan men ularni to’g’ri yo’lga boshlamoqchi bo’ldim”, - hikoya qiladi u.

Sandeva din OITV bilan yashayotgan odamlar uchun najot bo’lishi kerak, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG