Alyaska neft quvurining ishga tushganiga 40 yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Neft Alyaska shtatida asosiy daromad manbai. Shu yil Trans-Alyaska neft quvurining ishga tushganiga 40 yil to'ldi. Shimoliy Amerikadagi eng ulkan neft koni tarixiga nazar tashlaymiz.

Mashhur Trans-Alyaska quvurining uzunligi 1200 kilometrdan ortiq. U bir necha tog' tizmalarini, yuzlab daryolarni kesib o'tib, shimoldagi Pradxo-Bey neftini janubdagi Valdiz shahrida yetkazadi.

40 yillik quvur dunyoning eng qattiq himoyalangan neft inshootlaridan biri. Uning egri uslubda qurilgani zilzilalarga bardoshli bo'lishini ta'minlagan.

Diametri 122 sm bo'lgan quvur shu kungacha 17 mlrd. barrel neft yetkazib bergan. Bu esa mahalliy iqtisodiyotda ulkan o'zgarishlar yasagan.

Alyaskadagi bu o'zgarishlar bir odamning nomi bilan bog'liq: geolog Tom Marshal. Alyaska shimolidagi Pradxo-Beydan "qora oltin" konini topgan shu odam bo'ladi.

"Men bu yerni tanlaganimda, kimdir yerlar bo'limi kitobiga bu joyni "Marshalning xatosi" deb yozib qo'yibdi. Bu seni xafa qildimi, deb so'rashdi mendan. Aslo. Ular bu joyni behuda deb o'ylaganini tushunsa bo'ladi. Gubernator bu yer muzlab yotibdi-ku, degan edi. O'sha paytlarda bunday so'zlarga o'rganmagan edik", - deydi geolog Tom Marshal.

Marshal rejasi asosida bu yerda Shimoliy Amerikadagi eng katta neft koni topildi.

1970-yillardagi energiya inqirozi va oshib borayotgan neft narxlari neftni qazib chiqarish xarajatlarini oqladi. Alyaska xalqi bundan foyda ko'rdi. Har yili shtatning har bir rezidentiga 1000 dollardan ortiq dividend beriladi.

Neftning topilishi Alyaska hayotini tubdan o'zgartirib yubordi.

"Jiddiy o'zgarishlar bo'ldi. Suv bochkalari va asal chelaklarini ko'tarib yurgan paytlarimizni eslayman. Neft solig'idan pul kelmaganda, hech qachon ichimlik suvi yoki oqava infratuzilmalariga ega bo'lmagan bo'lardik. Soliq daromadi Pradxo-Beydan keladi. Bu esa jamiyatimizning yaxshilanishiga behisob hissa qo'shdi. Maktablar, o't o'chirish idoralari, kasalxonalar qurildi. Lekin jamiyatimizda alkogol muammosi ham yuzaga keldi. Chunki spirtli ichimliklar ko'paydi", - deydi mahalliy jamoat faollaridan Entoni Edvardson.

Alyaskaning neftga qaram bo'lib qolganidan xavotir oladiganlar ham bor. Neft qazib olish 1990-yillardagi ko'rsatkichdan ancha kamaygan. Narxlarning tushishi esa shtat byudjetida defitsitga sabab bo'ldi.

"Pul ko'p edi va odamlar kelajakni o'ylamasdan, hamma daromadini bitta savatga joylab qo'ydi. Hozir esa bu savat bo'shagan va oladigan hech vaqomiz qolmadi", - deydi yozuvchi Makkiben Jakinski.

Alyaska neft konida hali zaxira ko'p, ammo Arktika milliy yovvoyi qo'riqxonasida qazish ishlarini olib borishga qarshi e'tirozlar kuchaygan. Geolog Tom Marshal neft kashfiyoti Alyaska kelajagi uchun muhim ekanini aytadi. Qalbingizga quloq tuting, deydi u.

"Nima qilish haqida hech kim o'ylamayotgan ekan, buni o'zingiz qiling. Bu yerda kichikroq neft koni bor, nariroqda esa kattarog'i, o'zingiz toping. Optimist bo'lishingiz kerak, aks holda, uni topa olmaysiz", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG