Breaking News

Jazoirda zavodni garovga olgan jangarilarga qarshi operatsiya


British Petroleumning Jazoirdagi tabiiy gaz koni
British Petroleumning Jazoirdagi tabiiy gaz koni
Xabarlarga ko’ra, kecha Jazoirda al-Qoidaga aloqador jangarilar tabiiy gaz inshootida o'ndan ortiq xorijlik va yuzlab mahalliy mutaxassislarni garovga olgan. Bugun Jazoir xavfsizlik kuchlari ularga qarshi operatsiya o'tkazgan.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, garovdagilarning ayrimlari amaliyotgacha ozod etilgan, boshqalarini xavfsizlik kuchlari qutqargan. Operatsiya paytida har ikki tomondan o'lganlar bor. Jangarilar buni qo’shni Maliga fransuz qo’shinlarining kiritilgani uchun jazo chorasi demoqda.

Garovdagilar Jazoirdagi tabiiy gaz inshootida ishlagani aytilmoqda. Xorijlik mutaxassislar orasida AQSh, Britaniya, Irlandiya, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya va Ruminiya fuqarolarining bo'lgani ma’lum.

Inshoot Britaniyaning British Petroleum kompaniyasi tomonidan yuritiladi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg jangarilarning bu ishini qoraladi.

"Terrorchi va qotillarni bunga nima majburlagan bo’lishidan qat’inazar, harakatlarini oqlab bo’lmaydi", - dedi Xeyg.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta mutaxassislarning garovga olinishini terror harakatiga tenglashtirdi.

"Bu terakt va Qo’shma Shtatlar uni qoralaydi. Amerikaliklarning garovga olinishi juda ham jiddiy masala. Uni hal qilish uchun barcha choralar ko’riladi", - dedi Panetta.

Jazoir Ichki ishlar vaziri Daho Ould Kabila terrorchilar bilan muzokara qilmaymiz, degan edi. Jangarilar o’z navbatida ularga qarshi kuch ishlatilsa, gaz inshootini portlatishini aytib, qo’shni Liviyaga o’tishlariga imkon berish talabini olg'a surgan edi.

O’tgan hafta fransuz qo’shinlari Maliga kirgandan so’ng al-Qoidaga aloqador uch guruh Fransiyadan o’ch olamiz, deb ogohlantirgan edi. Mali shimolini o’tgan yili qo’lga kiritgan islomiy jangarilar poytaxtni ishg’ol qilishga hozirlanar ekan, Fransiya bu davlat iltimosiga ko’ra, unga harbiy ko’mak bermoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG