Breaking News

Xalqaro Amnistiya: Markaziy Osiyo bo'ylab repressiya yanada kuchaygan


Xalqaro Amnistiya: Markaziy Osiyo bo'ylab repressiya yanada kuchaygan
Xalqaro Amnistiya: Markaziy Osiyo bo'ylab repressiya yanada kuchaygan

Inson huquqlari bo’yicha “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining bu yilgi hisobotida qayd etilishicha, hukumatlar siyosatni huquqdan ustun qo’ymoqda, natijada insonlar qo’rquv, ochlik va zo’ravonlik qurboniga aylanmoqda.

Hujjatda 159 davlatdagi vaziyat o’rganiladi. 111 davlatda odamlar qiynoqqa solinadi, 96 mamlakatda so’z erkinligi bo’g’iladi, 55 yurtda sudlar noxolis, 81 davlat Xalqaro Jinoiy Sudni tan olmaydi, deyiladi hisobotda.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot nazarida, ayrim yirik davlatlarda ham vaziyat og’ir.

“O’tgan yil mobaynida Lotin Amerikasida, jumladan, Peru, Urugvay va Argentinada o’tmishdagi jinoyatlar uchun mas’ul davlat arboblari javobgarlikka tortilgani ijobiy hol. Lekin ba’zi hukumatlar haliyam qonunlarga rioya qilmayapti. Misol, Katta Yigirmalikka kirgan ayrim mamlakatlar Xalqaro Jinoiy Sud oldidagi majburiyatlarini bajarmayapti”, - deydi Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Klaudio Kordon.

Xususan, Peru sobiq prezidenti Alberto Fujimori 1990-yillarda insoniyatga qarshi sodir etgan jinoyatlari uchun shu yil aybdor deb topilgan.

Argentina sobiq harbiy rahbari Reynaldo Bignone odam o’g’rilash va qiynoqlarda ayblangan. Kambodjada esa sobiq qo’mondon Kaing Guek Eav odamzotga qarshi harbiy jinoyatlari uchun sud qilingan.

Xitoy, Rossiya va AQSh Xalqaro Jinoiy Sud hukmlarini tan olmayapti. Holbuki, bu sud inson huquqlari qilinishiga qarshi kurashda muhim bir idora, deydi Klaudio Kordon.

AQSh prezidenti Barak Obama Kubadagi Guantanamo qamog’ini bir yilda yopishga va’da bergan edi. Ammo turma hamon ishlamoqda, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, yirik davlatlar ittifoqchilarning jinoyatlarini yashirishga, qonunni chetlab o’tishga urinmoqda. Xususan, AQSh va Yevropa davlatlari ittifoqchisi Isroilni pana qilib, G’azoda 2009 yil boshidagi urush uchun javobgarlikdan himoya qilmoqda.

“Amnesty International” hisobotiga ko’ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda fuqaro jamiyatini rivojlantirish yo’lida qiyinchiliklar hamon serob. So’z erkinligi cheklangan, mustaqil jurnalistlar do’pposlanadi, sudsiz hibsga olinadi va siyosiy qochqinlarga bosim o’tkaziladi. Mahbuslarni qiynoqqa solish hollari keng tarqalgan. Fuqaroning erkin e’tiqod qilish huquqi poymol qilinadi. Regionda ksenofobiya (yot tushuncha, narsadan qo’rqish), kamsitish va toqatsizlik kayfiyati kuchaygan.

Tojikistonda jurnalistlar hukumatni tanqid qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmoqda, natijada ommaviy axborot vositalari o’zini-o’zi senzura qilishga majbur.

Turkmanistonda bosma va elektron mabuot davlat nazorati ostida, mustaqil axborot saytlari blokirovka qilingan. Qozog’iston va O’zbekistonda jurnalistlar va huquq faollari doimiy ta’qib va qo’rquvda yashaydi, deyiladi Xalqaro Amnistiya hisobotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG