Breaking News

Andijonni eslab - AQSh elchxonasi O’zbekiston xalqiga hamdardlik izhor etdi


AQSh Davlat departamenti
AQSh Davlat departamenti

Bugun Andijon fojeasiga besh yil to’ldi. Shu sana munosabati bilan Toshkentda bir guruh faollar yig’in qilgan, Vashingtonda, O’zbekiston elchixonasi oldida ham bugun namoyish o’tkazmoqda.

2005 yilning 13 mayida adolat va ijtimoiy farovonlik talabi bilan shahar ko’chalariga chiqqan fuqaro xavfsizlik kuchlari tomonidan o’qqa tutilgan. Huquq faollari hisob-kitobiga ko’ra, 700 dan ortiq inson halok bo’lgan.

O’zbekiston hukumati izohi shuki, jangarilar mahalliy turmani qamal qilib, butun shaharni o’z nazoratiga olishga harakat qilgan. “Qurolli kuchlar yordamida tartib-intizom o’rnatishga majbur bo’ldik” deydi rasmiylar. AQSh elchixonasi shu munosabat bilan O`zbekiston xalqiga hamdardlik izhor etgan.

“2005 yil 13 may kuni Andijonda sodir bo`lgan fojealarga besh yil to`lishi munosabati bilan Qo`shma Shtatlar o`z yaqinlaridan ayrilgan, jabr tortgan kishilarning oila a`zolariga chuqur hamdardlik izhor etadi. O`zbekistonning do`sti sifatida biz o`sha og`ir kunlar yarasiga malham bo`lish uchun javobgar shaxslar topilib, jazosini topishidan umidvormiz. Fuqarolik urushi va g`alayonlarni boshdan kechirgan davlat sifatida biz ushbu kunda tinchlikka chaqiramiz. Inson huquqlariga hurmat ko`rsatish tarafdorimiz va o`zbek xalqi bilan birgamiz”, - deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

13 may kuni poytaxt Toshkentda “Jasorat” yodgorligi huquq-tartibot xodimlari
tomonidan qurshab olingan. Andijon fojeasi qurbonlarini xotirlashni maqsad qilgan faollar uy qamog`iga olingan.

Bu ta`qiblarga qaramasdan, huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`li “Jasorat” maydonida qurbonlar xotirasi uchun gulchambar qo`yishga, ular xotirasi uchun tilovat o’qishga muvaffaq bo`lgan.

“Militsiya ko`cha boshiga ketganidan foydalanib, boshqa yol bilan chiqdim va soat 10 larda “Jasorat” yodgorligi poyiga gul qo`yib. “Oloy” bozoridan yodgorlikka bo`lgan masofani har 10 metrda militsiya qo`yilgan, usti yopiq mashinalar turibdi”, - deydi u.

Abdulla Tojiboy o`g`lining aytishicha, hukumat Andijon fojealarini xalq xotirasidan o`chirishga harakat qilmoqda.

“Bugun milliy boqqa maktab o`quvchilarini avtobuslarda olib kelib, bayram qilishmoqda. Hukumat qurbonlarni xotirlash o`rniga shu yo`l bilan ular yodini o`chirishni maqsad qilgan”, - deydi faol.

“Andijonda begunoh qurbon bo`lgan ayollar, kattalar, norasida g`odaklarni xotirlash uchun “Jasorat” yodgorligi poyiga gul qo’yishni rejalagan edik. Bugun ertalabdan uchastkovoy kelib, hech qayoqqa chiqmasligimni aytdi. Shuning uchun men borolmadim”, - deydi huquq faoli Salomat Boymatova.

Andijon qurbonlarini Jizzaxda ham yod etishgan.

“Har yil va har doim halaqit qilishgani uchun bu yil biz xotirlash marosimini 11 may kuni o`tkazishga majbur bo`ldik. Qurbonlar ruhini shod etish uchun tilovat qildik”, - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG