Breaking News

Antarktida kashf etilganiga 200 yil to'ldi


Antarktida dunyoning yettinchi qit’asi bo’lib, tadqiqotchilar tomonidan 200 yil oldin kashf etilgan. Bir necha mamlakat unga da’vo qila boshladi. 1950-yillar oxirida ular shartnoma imzolab, muzliklardan iborat hududni himoya qilishga kelishdi. Biroq hujjatda iqlim o’zgarishi tug’dirayotgan muammolar hisobga olinmagan edi.

200 yil oldin sayohatga chiqqan tadqiqotchilar yog’ochdan yasalgan kemalarda muzli qit’ani kashf qiladi.

“Undan oldin hech kim u yerga bormagan edi. Xarita faqat muzliklarni ko’rsatardi. Ekspeditsiya esa ularni aylanib o’tadi”, - deydi britaniyalik Klayv Grey.

Yangi yer kashf etilgani haqidagi xabar tarqalganidan so’ng ko’plab sayohatchilar u yerga otlanadi. Ba’zilari boylik orttirish uchun yo’lga chiqadi, ayrim davlatlar esa Antarktidada bayrog’ini qadab, uni o’ziniki deb e’lon qiladi. Uzoq yillik da’volar va tortishuvlardan so’ng 12 mamlakat 1959-yilda Antarktika bo’yicha shartnoma imzolab, qit’adan hamkorlikda tinchlik va ilmiy maqsadlarda foydalanishga kelishadi.

Iqlim o’zgarishi, turizmning kuchayishi, baliqchilik qit’ada ko’plab muammolarga sabab bo’lmoqda.

“Xitoy kabi davlatlar bu yerlarni boshqarishda da’vosini kuchaytirishi mumkin. Axir dengiz sathi ko’tarilsa, Shanxay kabi shaharlar suv ostida qolib ketishi mumkin”, - deydi Britaniyaning Xollovey Qirollik universiteti olimi Klaus Dodds.

Iqlim o’zgarishi mamlakatlardan hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi, deydi Britaniya Tashqi ishlar vazirligida Qutb mintaqalari bo’limi boshlig’i Jeyn Rambl.

“Antarktida suvlari erishi oqibatida Britaniya suvlari sathi ko’tariladi. Shuning uchun ko’p mamlakatlar Antarktidani tushunish va uni boshqarishda xalqaro shartnoma doirasida hamkorlik foydasini anglab yetmoqda”, - deydi rasmiy.

Bugunga kelib 50 dan ziyod mamlakat Antarktika bo’yicha shartnomaga a’zo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG