Breaking News

AQShdagi matbuot idoralari muxbirlarning terrorga qarshi federal bo'lim tomonidan tekshirilganini so'roqqa tutmoqda


“Assoshieytid Press” axborot agentligining xabar berishicha, AQShning Bojxona va chegara xavfsizligi xizmatining bir bo’limi hukumatning terrorchilarni qidirishga yordam beradigan maxsus ma’lumotlar bazasidan foydalanib, 20 ga yaqin amerikalik jurnalist haqida ma’lumot to’plagan.

Buni keng yoritgan “Yahoo News” agentligiga ko’ra, “Counter Network Division” yoki “Tarmoqqa qarshi kurash bo’limi” deb nomlanuvchi ushbu idora Kongresss a’zolarining yordamchilari va ehtimol qonunchilarni ham surishtirgan.

2017-yilda muxbirlar haqida ma’lumotlarni to’plaganini tan olgan agentlardan biri Jeffri Remboning federal tergovchilarga aytishicha, bunday amaliyot odatiy holdir.

"Sizga tekshirish uchun biror ism berishsa, har bir tizim orqali ko’rib chiqishga to’g’ri keladi. Hamma bu bilan shug’ullanadi”, - deydi Rembo.

“Assoshieytid Press” Ichki xavfsizlik vazirligining bosh inspektori tayyorlagan 500 dan ziyod sahifalik hisobotning tahrir etilgan qismini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi. Agentlikka ko’ra, Remboning shu gaplari hisobotda bitilgan, biroq ismi o’chirilgan.

Bu ma’lumotlardan tashvishlangan ommaviy axborot vositalari tushuntirish talab qilmoqda.

"Hokimiyatning suiiste’mol qilinganidan chuqur tashvishdamiz. Bu muxbirlarni o’z ishini bajarayotgani uchun nishonga olishga bir misoldir. Bu esa Birinchi tuzatishga xilofdir”, - deyiladi “Assoshieytid Press” bayonotida.

Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati muxbirlar tergov qilinayotganini tilga olmadi. Unga ko’ra, idora surishtiruv va tergov amaliyotlarida hukumat belgilagan protokollar va qoidalardan chetga chiqmaydi.

Oshkor bo'lgan yangi ma’lumotlar federal idoralarning jurnalistlar bilan aloqada bo’lgan odamlarni tekshirish uchun o’z vakolatlaridan foydalanishiga eng so’nggi misoldir.

Remboning aytishicha, u qul mehnati haqida maqolalar yozgan kamida ikki jurnalistni, milliy xavfsizlik mavzularini yorituvchi 10 dan ortiq muxbirni davlat ma’lumotlar bazasi orqali surishtirgan.

“Assoshieytid Press” Bojxona va chegara xavfsizligi xizmatidan tushuntirish talab qilib, o’z muxbiri Marta Mendosaning ismini terrorchilarni tekshirishda foydalaniladigan ma’lumotlar bazasida nega qidirganini va uning nomzodini ehtimoliy informator sifatida nega ko’rib chiqqanini izohlab berishni so’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG