Breaking News

Vashington-Pekin savdo urushi AQSh dehqonlariga qimmatga tushmoqda


Savdo urushidan aziyat chekayotgan AQSh dehqonlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

Makkajo'xori va soya amerikalik dehqonlar uchun eng serdaromad ekinlar hisoblanadi. Fermerlar ularni mavsumdan mavsumga almashlab ekishga o'rgangan. Ammo Xitoy bilan boshlangan savdo mojarosi dehqonlarning boshini qotirib qo'ydi.

Illinoys shtatida yashovchi Evan Xoltinning umidi makkajo'xoridan.

Bu yil u yeriga faqat makkajo'xori ekdi.

"Bu yil loviya yo'q. Savdo urushi boshlanishidan uch oy o'tib, prezident hali-veri yo'lidan qaytmasligini tushundik va dadam bilan makkajo'xori ekishga qaror qildik", - deydi u.

AQSh Xitoydan keladigan po'lat va alyuminiyga tarif joriy etgach, Xitoy dehqonchilik mahsulotlarini nishonga oldi. Natijada soyaga talab tushib ketdi.

"Har 25 kilosiga bir yarim, ikki dollardan yo'qotdik", - deydi Xoltin.

AQSh va Xitoy o'rtasidagi muzokaralar davom etar ekan, mavhumlik ham saqlanib qolyapti, deydi iqtisodchi Maykl Doherti.

"Birjada soya narxi juda beqaror, u muzokaralarda biror o'zgarish bo'lishiga bog'liq. Xitoy bilan normal savdo aloqalariga qaytamizmi? Bu noaniq", - deydi u.

Dohertiga ko'ra, rekord darajada to'planib qolgan soya hajmi dehqonlar ahvolini yanada yomonlashtirmoqda.

"Hozir AQSh tarixida eng ko'p miqdorda loviya zaxirasiga egamiz. Soya tog'i ustida o'tiribmiz. AQShda hozir bir milliard busheldan ortiq soya bor va uni odatdagi darajadan ancha sekin va kichik miqdorlarda sotyapmiz. Bu bozorga ta'sir qilib, ulkan miqdorda soyaning yig'ilib qolishiga sabab bo'lyapti", - deydi iqtisodchi.

Qanchalik qiyin bo'lmasin, Xoltin soya ekishni to'xtatishga qaror qildi.

"Makkajo'xori yetishtirish soya ekishdan ko'ra ancha qimmatga tushadi. Shu bois biz qarz olishga majbur bo'ldik, kredit foizi esa o'smoqda", - deydi u.

Xarajat oshishi foydaning kamayishi, demakdir. AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi ma'lumotiga ko'ra, bu yil dehqonlar daromadi biroz oshishi kutilayotgan bo'lsa-da, Dohertining umidlari katta emas.

"2019-yil dehqonlar daromadi uchun oxirgi 5-6 yildagi eng yomon yil bo'ladi", - deydi u.

Xoltin esa ob-havo yaxshi kelib, makkajo'xoridan kutilgandek hosil olishdan umidvor.

"Buni vaqt ko'rsatadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG