Breaking News

Tahlilchilar: AQSh Yaqin Sharqqa nisbatan yangicha siyosat bilan chiqishi kerak


G'azo sektori
G'azo sektori

Qo'shma Shtatlar arab-Isroil mojarosini muhokama qilishda arab jamoatchiligi fikrini chetga surib, mintaqadagi ittifoqchi davlatlar yordamiga tayanib kelgan.

Dunyoning bu qismida g'alayonlar avjiga chiqib, uzoq yillik hukmdorlar ketishga majbur ekan, Amerika yangicha siyosat zarurligini anglab yetmoqda. Vashingtonda bu borada qizg'in munozara va tortishuvlar.

Siyosatchi va tahlilchilar nazarida hozirgi sharoitda Isroil-Falastin tinchlik jarayonini bo'shashtirmaslik kerak.

Arab dunyosi qo'zg'olonlar girdobiga tushib, tarixiy o'zgarishlarni boshdan kechirar ekan, Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari o'zgarishlardan xoli jabhadir. Aksincha, falastinliklar G'azodan turib Isroilga raketa otmoqda, Isroil esa sektorni o'qqa tutib, bosib olingan yerlarda qurilishni kengaytirmoqda.

Vaziyat borgan-sari qaltis tus olmoqda, deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.

"Isroil va Falastin o'rtasidagi munosabatlar mintaqadagi tuzumlar kabi qaltis ahvolda. Tinchlik muzokaralari meva bermas ekan, Isroilning demokratik davlat sifatidagi kelajagi va Falastin orzu va rejalari puchga chiqishi mumkin", - deydi Klinton.

AQSh sobiq davlat xavfsizlik maslahatchisi Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, Obama ma'muriyati Isroil-Falastin masalasida shahdam qadam tashlashi kerak.

"Mintaqada kayfiyat o'zgarmoqda. Isroilga Yaqin Sharqda mustaqil davlatday munosabatda bo'lishlarini istasak, Qo'shma Shtatlar tinchlik yo'lida umumiy reja bilan tezroq chiqqani ma'qul", - deydi Bjezinski.

Keksa arbob deydiki, Falastin Muxtoriyati sentabrda BMT Bosh Assambleyasidan 1967-yilgi Isroil-arab urushidan oldingi chegaralar asosida uni mustaqil davlat sifatida tan olishni so'rashi kutilmoqda. Vashington harakatini undan oldin qilishi kerak, deydi siyosatshunos.

Voqealar rivojining bunday ehtimoli AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerrini ham xavotirga soladi. Vashington vaqtni boy bersa, deydi u, usiz ham turg'un bo'lib qolgan tinchlik jarayoni chigallashishi mumkin.

"Masalaning BMT Bosh Assambleyasiga oshirilishi tinchlikka hissa qo'shmaydi. Bu juda ham xavfli yo'l. Diplomatik tashabbuslar orqali salbiy oqibatlarning oldini olsa bo'ladi, degan umiddaman", - deydi senator.

Prezident Barak Obama shu oy Oq uyda Isroil rahbari Shimon Peres bilan uchrashib, Yaqin Sharqda muzokara orqali tinchlik bitimiga imkon qadar tezroq erishish zaruratiga urg'u bergan.

"O'zgarishlar shabodasi arab dunyosi uzra esib o'tayotganidan foydalanib Falastin-Isroil mojarosiga yechim topish har qachongidan dolzarb masaladir", - deydi AQSh prezidenti.

Merilend universitetida tinchlik va taraqqiyot masalalari bo'yicha professor Shibli Telxamining aytishicha, AQSh homiyligidagi muzokaralar muvaffaqiyatli kechsa, mintaqada inqilobiy jarayonlar natijasida hokimiyatga kelayotgan yangi kuchlar bilan aloqalarni yo'lga qo'yish mumkin.

"Isroil-Falastin o'rtasida tinchlik jarayoni joyidan siljimas ekan, Qo'shma Shtatlarga arab dunyosida demokratik jamiyatlar bilan normal aloqa qilish oson bo'lmaydi", - deydi professor.

AQSh taklifi shuki, Falastin mustaqil davlat bo'lib dunyoga kelishi, Isroil va Falastin bir-birini tan olib, tinchlik va totuvlikda kun kechirishi lozim. Mintaqaviy tahlilchilar nazarida hozir tinchlikka qaratilgan harakatlarni yangilashning ayni vaqti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG