Breaking News

Ammonda arab dunyosi rahbarlari mintaqadagi muammolarni muhokama qildi


Ammondagi Arab Ligasi sammiti ishtirokchilari
Ammondagi Arab Ligasi sammiti ishtirokchilari

Iordaniya poytaxti Ammonda 28-Arab Ligasi sammiti bo'lib o'tdi.

Iordaniya qiroli Abdulla Ikkinchi 21 arab davlatini o’z ichiga olgan tashkilot majlisi qatnashchilariga murojaat qilib, arab dunyosini qamrab olgan mojaro va inqirozlarni sanab o’tdi. Falastin, Suriya, Liviya, Iroq, Yamandagi urushlar va terror harakatlari shular jumlasidan.

“Terrorizm musulmon olamiga katta tahdiddir va arab davlatlari rahbarlari unga qarshi hamkorlikda kurashishi kerak”, - dedi u.

Abdulla Ikkinchi arab dunyosini yemirayotgan qochqinlar mojarosini hal qilishga ham chaqirdi.

Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abul G’ayt dunyodagi har ikki qochqinning biri arab ekanini aytib, arab davlatlari rahbarlarining mintaqani beqarorlashtirayotgan mojarolarga chek qo’yishda ojizligini afsus bilan tilga oldi.

Unga ko’ra, ba’zi mojarolar, xususan Suriya va Livandagi muammolarni hal qilish bu mamlakatlar rahbarlari qo’lida emas, va ular, afsuski, jarayonlarni kuzatish bilan cheklanmoqda.

Sammitga mehmon sifatida taklif etilgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qochqinlar muammosiga to’xtalib, ayrim mamlakatlarda qochqinlarga nisbatan qarshilik, salbiy munosabatni tanqid qildi. Uning aytishicha, arab mamlakatlari orasidagi kelishmovchiliklar muammoni hal qilishni qiyinlashtirmoqda.

“Arab dunyosidagi bo’linish xorijiy intervensiyalar va siyosiy o’yinlar, beqarorlik, mazhabiy nizolar va terrorizmga yo’l ochdi”, - dedi Guterrish.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Federika Mogerini ham sammitda qatnashib, barchani hamkorlikka chaqirdi.

“Mintaqa yillar davomida jabr ko’rmoqda, asl kollektiv hamkorliksiz tinchlikka, birdamlikka erishib bo’lmaydi”, - dedi u.

Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy terrorizmni qo’porish uchun unga sabab bo’layotgan omil va sabablar bilan shug’ullanish kerak, dedi.

“Terrorizmni yolg’iz harbiy kuch bilan yengib bo’lmaydi; unga ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy va diniy jabhalarda ham zarba berish zarur”, - dedi Misr rahbari.

Sammit ishtirokchilari Isroil-Falastin mojarosiga ham to’xtaldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG