Breaking News

Armaniston parlamenti yana bir bor bosh vazirga ovoz beradi


Armaniston: Muxolifat rahbari bosh vazir bo'lishga yaqin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:55 0:00

Armanistonda hukmron partiya muxolifat liderining bosh vazirlikka nomzodini qo’llab-quvvatlashga tayyor. Parlament 8-may kuni ovoz beradi. Bir necha haftadan buyon mamlakatda namoyishlar tinmayotgan edi. Aprelda sobiq Prezident Serj Sarkisyanning bosh vazirlikka tayinlanishi omma orasida keskin norozilik uyg’otgan. U bir necha kun o’tmasdan ishdan ketdi.

Haftalab davom etgan protestlar ketidan Yerevan ko’chalari hozir nisbatan tinch. Oppozitsiya rahbari Nikol Pashinyan namoyishlarni vaqtincha to’xtatdi. Armaniston parlamentida ko’pchilik o’ringa ega Respublikachilar partiyasi uning bosh vazirlikka saylanishiga qarshi emasligini bildirdi. Partiya raisi o’rinbosari Armen Ashotyan buni tasdiqlamoqda.

Har qanday nomzodni quvvatlash oldidan ikki shart qo’yganmiz, deydi Ashotyan.

“Birinchisi, nomzod yetarlicha imzo to’plashi kerak. Ikkinchisi, Armanistondagi vaziyatni tinchlantira olishi lozim. Trassalar, aeroportlar va boshqa obyektlar qayta ochilsin. Xulosamiz shuki, Nikol Pashinyan bu talablarni bajara oladi. Agar 8-maygacha so’zida tursa, uning saylanishiga yordam beramiz”, - deydi hukmron partiya vakili.

Namoyishlar asosan zo’ravonliksiz o’tdi. Yaqin kunlarda yangi hukumat tuzilishi mumkin. Xalq kelajakka umid bilan qaramoqda.

“O’zimni yangi mamlakatda yashayotgandek his etyapman. Yangi hukumat va bo’lajak rahbar farovonlikni oshirish uchun harakat qilishiga ishonaman”, - deydi yeravanlik Seyran.

Namoyishchilarda biror strategiya yo’q, lekin katta kuch bo’lib o’zgarishlar talab qilishmoqda, deydi tahlilchi Lilit Gevorgyan.

“Hozir Nikol Pashinyanni muvaqqat bosh vazir etib saylash haqida gap ketmoqda. Keyingi bosqich - saylov qonunlarini o’zgartirish, partiyalar haqiqiy, real bo’lishini ta’minlash. Undan keyin kattaroq bir muammo bor, bu ham bo’lsa haqqoniy va adolatli saylov o’tkazish”, - deydi Gevorgyan.

Namoyishlarga Nikol Pashinyan boshchilik qilmoqda. Inqilob ortida turganlar oddiy odamlar, deydi suhbatbosh.

“Xalq hukumatdan chuqur norozi. Aytishyaptiki, bu harakatga kim boshchilik qilishi muhim emas, shikoyat shuki, amaldagi tizim fundamental ehtiyojlarni qondira olmayapti. Oligarxlar bilganini qilayapti, boy va kambag’allar o’rtasida tafovut katta, har uchinchi fuqaro kuniga atigi 2 dollar pul topadi”, - deydi Gevorgyan.

Yerevandan tashqarida yo’qsillik darrov seziladi. 60 kilometr narida Lusagyux qishlog’i joylashgan. Ish yo’q, aholi dehqonchilik qilib zo’rg’a kun ko’radi. Uylarning uchdan biri bo’sh. Egalari xorijga ishlashga ketgan, asosan Rossiyaga.

20 yoshli Samvel Zakaryan ham o’tgan yili qishlog’ini tark etgan edi. Qaytib keldi. Hozir Yerevandagi texnikumlardan birida o’qiyapti.

“Namoyishlarda qatnashayotganlar ko’p. Bugun chiqishga vaqtim bo’lmadi, lekin har kuni qatnashaman, Yerevanga borib kelaman. Do’stlarim ham”, - deydi yigit.

Namoyishlar bosimi ostida muxolifat yaqin orada hokimiyatga kelishi mumkin. Oldinda siyosiy va huquqiy to’siqlar ko’p, deydi sharhlovchilar. Armaniston kelajagi uchun kurashning boshlanishi bu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG