Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani O’zbekistonga rasmiy tashrifini boshladi. Muzokaralar davomida prezidentlarning qo’shma bayonoti, ikki o`rtadagi hamkorlikni rivojlantirishga doir bir nechta hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Ashraf G’ani safari davomida Buxoro shahri ziyoratida ham bo’ladi.

Prezidentlar mintaqaviy xavfsizlikka oid vaziyat, xalqaro muammolar yuzasidan ham muzokara yuritadi. So’nggi paytda Afg’oniston shimolida jangarilar faolligi kuchaygani, AQSh qo`shinlari mamlakat shimolida “Islomiy davlat” guruhiga qarshi maxsus amaliyot boshlayotgani xabar qilinmoqda.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Prezident Ashraf G’ani tashrifiga doir tarqatgan ma’lumotida tomonlar o`rtasidagi muzokaralar natijasida prezidentlarning qo’shma bayonoti, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport kommunikatsiyasi, fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikka doir qator hujjatlar imzolanishi xabar qilingan.

Ashraf G’aning tashrifi O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko’ra amalga oshmoqda. Tomonlar ikki o’rtadagi hamkorlik istiqbollarini, asosiy xalqaro muammolar va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashadi.

So’nggi paytda Afg’oniston shimolidagi vaziyat, Afg’onistonning mintaqa bilan chegaradosh hududlarida jangarilar faolligi oshgani, jumladan, “Islomiy davlat” guruhiga qo’shilgan o’zbekistonlik fuqarolar hibsga olingani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

BBC o’zbek xizmati xabariga ko’ra, Juzjon viloyatida ushlangan o’zbekistonlik Sherzod Anvarov “Islomiy davlat” guruhining mahalliy bo’limiga rahbarlik qilishda ayblanmoqda. Juzjon viloyatida 30 ga yaqin o’zbekistonlik jangari borligi taxmin qilinadi.

Avvalroq afg’on matbuoti mamlakat sharqidagi Logar viloyatida 11 nafar o’zbekistonlik hibs qilingani, ular orasida ayollar va bolalar ham borligi haqida yozgan edi.

“Islomiy davlat” guruhining Afg’onistonda faollashishi faoliyati tugatilgan “O’zbekiston islomiy harakati” tarafdorlari qayta jonlanayotgani haqidagi xavotirlarni ham yuzaga chiqarmoqda.

AQShning Afg`onistondagi qo’shinlari qo’mondoni Jon Nikolson mamlakat shimolida “Islomiy davlat” guruhiga qarshi hukumat kuchlari bilan hamkorlikda yirik amaliyot boshlanayotganini ma’lum qilgan. General Nikolsonga ko’ra, xorijlik jangarilar orasida avval “O’zbekiston islomiy harakati” guruhi tarafdori bo`lgan jangarilar ham ko’p.

Afg’oniston shimolida qo’nim topgan o’zbekistonliklar soni haqida aniq ma’lumot yo’q, ammo ular avval Suriya va Iroqdagi urushda qatnashgan jihodchilar hisobiga ko’payayotgani taxmin qilinadi.

Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston bilan ham qo’shni Afg’onistondagi vaziyat mintaqa xavfsizligi uchun asosiy o’rin tutadi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G’ani o`rtasadagi muzokaralarda xalqaro muammolar va xavfsizlik masalasi muhokama qilinishiga diqqat qaratilgan.

Ashraf G’anining O’zbekistonga rasmiy tashrifidan uning Buxoro shahrini ziyorat qilishi, Buxoro universitetida ma’ruza qilishi ham o’rin olgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG