Breaking News

London sudi Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish ishini qayta ko'rishga kirishdi


Assanjning sudda chizilgan surati, London, 6-yanvar, 2021-yil
Assanjning sudda chizilgan surati, London, 6-yanvar, 2021-yil

London sudi “Vikiliks” sahifasining asochisi Julian Assanjni AQShga deportatsiya qilish ishini qayta ko’rishga kirishdi. Assanj tarafdorlari ikki kunlik mahkamadan oldin London sudi tashqarisida norozilik namoyishi o’tkazdi.

Xalqaro hayot – 27-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:20 0:00

Assanj AQSh qamoqxonasida joniga suiqasd qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab yanvar oyida sud uni ekstraditsiya qilmaslikka qaror qilgan edi. Biroq faolni xakerlik va o’g’rilikda ayblayotgan AQSh prokurorlari sud qaroriga apellyatsiya bergan.

“AQSh hukumati Assanjni qayerda, qanday va qaysi sharoitda saqlashini kafolatlovchi hujjatlarni taqdim etmoqchi. Agar bu uning salomatligi va joniga suiqasd qilish ehtimoliga ta’sir qilmasa, AQSh hukumati rayon sudyasining ilk qaroridagi talablarga javob bergan bo’ladi”, - deydi Britaniya prokuraturasining ekstraditsiya bo’limi sobiq boshlig’i, hozirda xususiy advokatlik idorasida ishlayotgan Nik Vamos.

Biroq sudning yanvar oyidagi qaroridan so’ng “Vikiliks”ning FBR axborotchisiga aylangan sobiq xodimi prokurorlar dalil sifatida qo’llayotgan ma’lumotlarning soxta ekanini aytgani sudda Assanj foydasiga ishlatilishi mumkin.

O’tgan oy internetda chop etilgan bir xabarga ko’ra, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi 2017-yilda Assanjni o’g’irlamoqchi va hatto o’ldirmoqchi bo’lgan. Xabar Amerika razvedkasi va milliy xavfsizlikka aloqador 30 nafar sobiq rasmiy bilan suhbat asosida tayyorlangan.

“Agar AQSh hukumatining bir qanoti bo’lgan MRB haqiqatan uni o’ldirmoqchi bo’lgan bo’lsa, qanday qilib hukumatning ikkinchi qanoti – Adliya vazirligi va uning ayblanuvchi adolatli ravishda sudlanishi haqidagi kafolatlariga ishonish mumkin?” – deydi Vamos.

2010- va 2011-yillarda “Vikiliks” AQShning Iroq va Afg’onistondagi urushlariga doir o’g’irlangan o’n minglab diplomatik telegrammalar va harbiy hisobotlarini chop etgan edi.

Assanjning aytishicha, oshkor etilgan materiallar AQSh harbiylarining qonunbuzarliklarini fosh etgan. Uning tarafdorlariga ko’ra, Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish matbuot erkinligiga zarba bo’ladi.

“Global matbuot erkinligidek katta masala ko’rilmoqda. Hozirgi sud ishi bo’yicha qaror hukumatlarni javobgarlikka tortish maqsadida ularning noqonuniy va xato harakatlarini fosh etishga urinayotgan har qanday jurnalist va noshirga qarshi ta’qiblarni asoslashga xizmat qiluvchi dahshatli pretsedentga aylanishi mumkin”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Juliya Xoll.

Assanj ayni damda London hibsxonasida saqlanmoqda. AQShda u maxfiy hujjatlarni o’g’irlash, xakerlik, AQSh axborotchilari shaxsini oshkor etish kabi 18 ta federal jinoyatda ayblanmoqda.

Sud ekstraditsiya ishini bir necha hafta ko’rishi kutilmoqda. Har ikki taraf sud qarori bo’yicha Britaniya Oliy sudiga apellyatsiya berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG