Ikkinchi jahon urushi paytida Polsha hududida tashkil etilgan “Osvensim” konsentratsion lageri mahbuslarining sovet qo’shinlari tomonidan ozod etilganiga 76 yil to’ldi. Bu yilgi marosim koronavirus pandemiyasi tufayli virtual ravishda o’tkazilmoqda. Lager hududidagi muzey ham shu sabab hozircha yopiq.
Lager sobiq mahbuslarining soni har yili kamayib bormoqda. Aksariyati hozir 80-90 yoshlarda. Ulardan biri 94 yashar Marian Turski bo’lib, bu yili u bir milliondan oshiq inson hayotiga zomin bo’lgan lager dahshatlarini muzeyda emas, “Zoom” orqali so’zlab berishiga to’g’ri keldi.
“Osvensim”ga 1,3 millionga yaqin odam tushgan, aksariyati yahudiy bo’lib, gaz kameralarida yoki ochlik va kasalliklardan nobud bo’lgan.
Yillik xotira marosimida odatda turli mamlakatlar rahbarlari qatnashadi. Bu yili barchasi kompyuter orqali nutq so’zlamoqda.
Lager “Aushvits”, “Birkenau” deb ham ataladi. 2019-yilda muzeyni 2,3 milliondan ziyod odam borib ko’rgan, biroq pandemiya sabab 2020-yilda yarim million ziyoratchi bo’ldi, xolos.
“Virtual dasturlar “Xolokost” va Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini ommaga yetkazishda uchalik samarali emas”, - deydi muzey rahbari Pyotr Chivinski.
Facebook Forum