Breaking News

Armaniston va Ozarbayjon harbiy yutuqlari haqida bong urmoqda


Ozarbayjonning arman hujumiga uchragan Barda shahridagi xonadon
Ozarbayjonning arman hujumiga uchragan Barda shahridagi xonadon

Bugun Ozarbayjon va Armaniston o’rtasidagi qurolli to’qnashuvlarning 11-kuni. Armaniston hukumati tarqatgan videoda dronning urib tushirilishi, Tog’li Qorabog’ poytaxti Stepanakertdagi vayronalar, hududning Jabroyil rayonida Ozarbayjon qo’shinlariga qarshi hujumlari tasvirlangani aytilmoqda.

Xalqaro hayot – 7-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:29 0:00

Armaniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Shushan Stepanyanning “Facebook”da yozishicha, arman kuchlari Ozarbayjon qo’shinlari yurishini to’xtatishga muvaffaq bo’ldi. Dushman 60 askarini yo’qotdi, 22 nafari yaralangan, deydi Stepanyan.

Arman tarafi Ozarbayjon armiyasiga tegishli harbiy texnikani qo’lga kiritganini da’vo qilmoqda.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa bo’lginchi Qorabog’ning Jabroyil tumanidagi Shukurbeyli qishlog’i nazoratga olinganini bildirmoqda. Vazirlik tarqatgan videoda askarlar Ozarbayjon bayrog’ini qadayotganini, qishloqning bo’sh ko’chalari va imoratlarini, tashlab ketilgan avtomobillarni ko’rsa bo’ladi.

Rasmiy Boku dushman katta talofat ko’rayotganini ma’lum qilarkan, bir necha tank qo’lga kiritilganini ko’rsatdi.

Ozarbayjon Armanistonni “Boku-Jayhun-Tbilisi” neft quvurini nishonga olayotganlikda aybladi. “Reyter” axborot agentligi tushirgan videoda quvurning Yevlax rayonidan o’tuvchi qismida portlamay qolgan o’q-dorilar tasvirlangan.

Ozarbayjon Armaniston quvur tomon raketa otganini, biroq mudofaa kuchlari uni urib tushirganini ma’lum qildi. Shushan Stepanyan bu da’volarning yolg’on ekanini aytdi.

Bu o’rtada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonlarni sulhga chaqirdi.

“Tog’li Qorabog’ uchun bu katta fojia. Har ikki tomonda ko’p odam o’lmoqda. Mojaro imkon qadar tez barham topadi degan umiddaman. Ammo hozircha uning keti ko’rinmayapti. Ma’lumki, Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo va bizning bu tashkilot doirasida ma’lum majburiyatlarimiz bor. Afsuski, harbiy harakatlar davom etmoqda va hozircha ular Armaniston hududiga o’tgani yo’q. Rossiya shartnoma doirasidagi majburiyatlarini doim bajarib kelgan va bundan keyin ham shunday bo’ladi”, - dedi Putin.

O’z ichiga Armaniston, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Belarus va Tojikistonni olgan tashkilot shartlaridan biri shuki, a’zo mamlakat hujumga uchrasa, qolganlar yordam berishi kerak.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy ham mintaqadagi vaziyat bo’yicha xavotir bildirdi.

“Ba’zi odamlarning turli bahonalar bilan Suriya va boshqa joydan terrorchilarni chegaralarimiz tomon yuborayotganiga jim qarab turmaymiz. Biz Ozarbayjon xalqi huquqlari va hududiy daxlsizligini hurmat qilamiz, biroq mojaroni qurol bilan, urush va qon to’kilishlari bilan hal qilib bo’lmaydi”, - dedi Ruhoniy.

Armaniston va Suriya rahbarlari Turkiyani Tog’li Qorabog’ga suriyalik isyonchilarni yuborayotganlikda ayblarkan, Eron rahbarining bayonotida ham bunga ishorani ko’rish mumkin.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha oliy vakili Jozep Borrel Tog’li Qorabog’dagi vaziyatni shunday izohladi:

“Aholi punktlariga hujumlar haqidagi xabarlardan chuqur tashvishdamiz. Tomonlarni tinch aholini himoya qilish bo’yicha xalqaro majburiyatlariga to’liq amal qilishga chaqiramiz. Mojaro qanday rivojlanayotgani haqida bizda yetarlicha ishonarli ma’lumot yo’q”, - dedi Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG