Armaniston va Ozarbayjon salkam bir haftadan beri o’q almashmoqda. Armaniston payshanba kuni Ozarbayjonga qarashli vertolyot, samolyot va dronni urib tushirganini da’vo qilmoqda.
Ozarbayjon arman kuchlari Tartar shahrida bolalar bog’chasini nishonga olganini, ozariy harbiylar esa muhim tepalikni qo’lga kiritganini bildirdi.
Bu mojaroda qondosh xalqni qo’llab-quvvatlayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ozarbayjon bosib olingan yerlarning katta qismini ozod etishga muvaffaq bo’lganini aytarkan, kurashni davom ettirib, Ozarbayjon Qorabog’dagi hududlarini qaytarib olishi kerakligini bildirdi.
Erdog’anning bu siyosati unga muxolif bo’lgan partiyalar xayrixohligini qozonishga yordam berdi.
“Turkiyada Ozarbayjonni qo’llab-quvvatlashga da’vatlar yangramoqda. Turkiya Ozarbayjonga harbiy madad beryapti. Ikki xalq madaniy, etnik, til jihatdan yaqin”, - deydi xalqaro aloqalar bo’yicha tahlilchi Ilhom Uzgel.
Turkiya Ozarbayjonga uzatgan qurol va dronlar jang maydonida muhim rol o’ynamoqda. Armaniston Anqarani mojaroda bevosita qatnashayotganlikda, Suriyadagi isyonchilarning bir qismini Kavkazga tashlaganlikda ayblamoqda.
Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi bu da’volarni inkor etmoqda.
“Turkiya Armaniston samolyotini urib tushirgani haqidagi gaplar yolg’on. Jihodchilarni urushga jo’natganimiz ham yolg’on”, - deydi partiya so’zlovchisi Umar Chelik.
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Suriya va Liviyadagi mojarolarda faol qatnashayotgan Turkiya Kavkazdagi ixtilofga ham qo’shilsa, NATO a’zosi sifatida xalqaro sahnadagi obro’siga zarar yetishi mumkin.
“AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya kabi mintaqaviy o’yinchilar bilan tortishyapmiz. Biz bu mojarolarda o’z strategik manfaatlarimizni ko’zlasak-da, ma’lum bir paytda javob chorasiga - iqtisodiy yoki diplomatik sanksiyalarga duch kelishimiz mumkin. Turkiya muhim o’yinchi bo’lishni maqsad qilgan edi, ammo hozir buzg’unchiga aylanyapmiz”, - deydi siyosiy tahlilchi Atilla Yeshilada.
10 million aholiga ega Ozarbayjon salkam 3 millionlik Armaniston bilan jang qilarkan, Armanistonda ayollar ham ko’ngilli sifatida frontga yozilmoqda.
Politsiyada ishlovchi podpolkovnik Xarutyun Xakobyanning aytishicha, 98 nafar ayol frontga ketgan, yana salkam 400 tasi safarbar bo’lyapti.
“Urush boshlanganida Mudofaa vazirligi bilan bog’lanib, frontga ko’ngilli bo’lib ketmoqchi ekanimizni aytdik. Armiyaga ayollar ham kerak”, - deydi Lilit Ayrapetyan.
Bungacha sulh da’vatlarini inkor etib kelgan Yerevan o’z ichiga AQSh, Fransiya va Rossiyani olgan Minsk vositachi guruhi bilan muloqotga tayyor ekanini bugun ma’lum qildi.
Yerevan Isroilni Ozarbayjonga qurol yetkazayotganlikda ayblab, bu mamlakatdan elchisini chaqirib oldi.
Facebook Forum