AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, Ozarbayjonda 7-noyabrgi parlament saylovlari tinch va osoyishta o'tgan, barcha muxolif partiyalar ishtirok etgan. Biroq shunga qaramay, deydi AQSh rasmiysi, saylovlar jahon andozalariga javob bermagan.
Saylovlar bilan bog'liq barcha shikoyatlar adolatli ravishda ko'rib chiqilib, ovozlarni soxtalashtirishda qo'li bor rasmiylarga nisbatan chora ko'rilishi lozim, deydi Krouli.
Prezident Ilhom Aliyevning "Yangi Ozarbayjon" partiyasidan nomzodlar 125 kishilik parlamentda 70 o'rinni qo'lga kiritgan.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Davlat departamenti bayonotidan taajjubda ekanini bildiradi.
"Qo'shma Shtatlar bayonotini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatish bo'yicha idorasi xulosasiga asoslab tayyorlaganini aytadi, ammo Yevropa kuzatuv missiyasi xulosasida bunday baho berilmagan", deyiladi Tashqi ishlar vazirligi hujjatida.
Unga ko'ra xalqaro kuzatuvchilar saylov uchastkalarining 90 foizida jarayonga ijobiy baho bergan.
AQSh: Ozarbayjondagi saylovlar xalqaro andozaga javob bermagan
- Amerika Ovozi

Parlament saylovlarida prezident Ilhom Aliyevning partiyasi ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritgan. Ozarbayjon Davlat departamenti tanqididan hayron.