Breaking News

Bangladesh saylovida yana hukmron partiya g'olib


Bangladeshda yakshanba kuni o’tgan parlament saylovlarida 76 yashar Bosh vazir Shayx Xasinaning "Avomi ligasi" partiyasi yana g’alaba qozonib, uning o’zi mamlakatni qatorasiga to’rtinchi, umumiy hisobda esa beshinchi muddat boshqaradigan bo’ldi.

Xalqaro hayot - 8-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:33 0:00

Asosiy muxolif guruh hisoblangan Bangladesh millatchi partiyasi 2014-yilda bo’lgani kabi bu gal ham saylovni boykot qildi. Chunki Xasina muxolifatning iste’foga chiqish va saylov o’tkazishni betaraf idoraga yuklash talabiga ko’nmadi.

Xasina Bangladesh asoschisi Shayx Mujibir Rahmonning qizi. Yurt otasi 1975-yilgi harbiy to’ntarishda o’ldirilgan. Shundan 20 yil o’tib uning qizi davlat tepasiga keldi.

Amaldagi rahbar so’nggi 15 yilda iqtisodiyotni yaxshilashga, davlat xazinasiga ko’p daromad keltiruvchi to’qimachilik sohasini to’g’ri yo’lga solishga muvaffaq bo’ldi, Myanmadan qochgan yuz minglab roxinjalik musulmonlarga boshpana bergani uchun xalqaro sahnada hurmat-e’tibor qozondi.

Shunga qaramay, yakshanba kungi saylovda saylovchilarning atigi taxminan 40 foizi qatnashdi, xolos. 2018-yilda saylovchilar faolligi 80 foizdan ortiq edi.

Xasinaning “Avomi ligasi” partiyasi parlamentdagi 227 ta o’rindan 167 tasini qo’lga kiritdi.

1971-yilda Pokistondan ajralib, mustaqil davlat maqomiga erishgan Bangladeshda o’shandan beri 12 ta saylov o’tkazilgan. O’zbekistondan hududi uch baravar kichik bu mamlakatda 170 million odam yashaydi.

Shayx Xasina saylovni boykot qilgan muxolifatni “terrorchi partiya” deb atadi.

Uning aytishicha, har bir partiya saylovda qatnashish yoki qatnashmaslik huquqiga ega. Partiyaning saylovda qatnashmaslik qarori, dedi bosh vazira, demokratiya yo’qligidan dalolat emas.

Xasinaning tanqidchilari uni avtoritarizmda, inson huquqlarini poymol etayotganlikda, so’z erkinligi va muxolif qarashlarni bostirayotganlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG