Breaking News

Bangladeshdagi qochqinlar lagerida yong'in. Bangladesh va Hindistonda toshqinlar


O’tgan hafta Bangladeshning Koks-Bazar shahridagi qochqinlar lagerida yirik yong’in ro’y berib, 600 dan ziyod palatka va do’konlar yonib kul bo’ldi. Yuzlab roxinjalik ko’chada qolib ketdi.

“Pulim bo’lganida bambuk sotib olib, o’zimga uycha yasab olardim”, - deydi qochqinlardan biri.

"Lagerdagi uylar juda kichik. Boshqa birovnikiga borib tura olmaysiz ham. Quyosh tagida qolib ketmay deb, soyabon ushlab turibman”, - deydi yana biri.

Haddan ziyod ko’p odam yashovchi lagerda hayot og’ir edi, hozir ba’zilar uchun yanada og’irlashdi.

"Kuni bilan u yoqdan bu yoqqa yuramiz. Tunda ochiq havoda uxlaymiz. Oziq-ovqat, boshpanaga muhtojmiz”, - deydi Muhammad Ulla.

Donorlar yordam berishga harakat qilmoqda.

“BMTning Qochqinlar bo’yicha boshqarmasi va hamkor tashkilotlar jabr ko’rgan qochqinlarni ayrim muhim narsalar bilan ta’minlamoqda – vaqtinchalik boshpana va issiq ovqat bilan. Ba’zilarini boshqa lagerlarga ko’chirishga harakat qilyapmiz”, - deydi komissariat so’zlovchisi Luis Donovan.

Bu o’rtada Bangladeshning boshqa hududlari va qo’shni Hindistonda kuchli siklon (Amfan) natijasida sohil bo’yidagi rayonlarni suv bosib, millionlab odam elektr quvvatisiz qolgan, o’nlab odam o’lgan, loydan yasalgan kulbalar yuvilib, daraxtlar ildizi bilan ko’chirilgan.

Bangladeshda 13 odam, Hindistonning G’arbiy Bengal shtatida 72, Odisha shtatida esa 2 kishi nobud bo’lgani ma’lum.

Koronavirus pandemiyasi va ijtimoiy masofani saqlashga qaratilgan qoidalar sabab ommaviy evakuatsiya qiyinlashgan.

Ayrim odamlar virus yuqtirmaslik uchun boshpanalarga borishdan bosh tortmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG