Breaking News

Isroil sobiq rahbari Eron yadro dasturidan xavotir bildirdi


Ehud Barak

Isroil rasmiylari va tahlilchilariga ko’ra, Eron yadro quroli yaratish arafasida turibdi. Isroil sobiq bosh vaziri Ehud Barakning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, uning davlati bu masalada munosabatini qayta ko’rib chiqishi va AQSh bilan hamkorlik qilishi kerak.

Xalqaro hayot – 6-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:59 0:00

“Amerika ma’muriyati bilan yopiq eshiklar ortida majlis qilib, bir tilda so’zlashishga kelishib olish zarur. Tegishli chora ko’rish uchun yetarlicha razvedka ma’lumotlariga ega bo’lishimiz lozim. AQSh bilan birgalikda yoki mustaqil ravishda qanday qadamlar qo’yishimizni, maxfiy yoki harbiy amaliyot o’tkazishimiz kerakligini aniqlab olishimiz kerak”, - dedi Barak.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimdan 2018-yilda chiqqanidan beri, deyiladi BMTning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentligi bayonotida, Eron uran boyitishni kuchaytirib, xalqaro inspektorlarni yadroviy inshootlariga yo’latmay qo’ydi. Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet yaqinda BMT Bosh Assambleyasida ma’ruza qilib, Eronni qattiq ogohlantirdi.

“Eron yadro dasturi burilish nuqtasiga yetdi. Bizning sabrimiz ham. Quruq bayonotlar bilan sentrifugalarni to’xtatib bo’lmaydi. Dunyoda shunday odamlar borki, ular Eronning yadro quroliga intilishini muqarrar voqelik deb hisoblaydi yoki bu haqda eshitishdan charchagan. Isroil bunday imtiyozdan mahrum. Charchashga haqqimiz yo’q. Charchamaymiz. Isroil Eronga yadro qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaydi”, - dedi Bennet.

Atom agentligiga ko’ra, Tehron uranni 60 foizgacha boyitishga kirishgan, biroq o’tmishda Mudofaa vazirligini ham boshqargan Ehud Barakning aytishicha, Eronning 90 foizlik keyingi bosqichga chiqishini payqash qiyinroq bo’ladi.

“Uranni 60 foizdan harbiy maqsad uchun zarur 90 foizgacha boyitish davri qisqa bo’ladi. Bu ishni chekka va kichikroq joyda, qismlab fuqarolik obyektlarida yoki birorta chuqur konning ichida qilsa bo’ladi. Kalavaning uchini yo’qotib qo’yish mumkin. To’g’ri, yadro qurolini rivojlantirish, uni raketa kallakchasiga joylashtira bilish kerak, biroq agar ularda bir nechta qurolga yetarli harbiy darajada boyitilgan material bo’lsa, na xalqaro hamjamiyat, na Venadagi agentlik jarayonni ortiq nazorat qila oladi”, - dedi Isroil sobiq rahbari.

So’nggi yillarda Isroil Eron yadro dasturini qo’poruvchilik harakatlari bilan izdan chiqarishga qo’l urib kelgan. Isroil Mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig’iga ko’ra, Eronga harbiy zarbani rejalash ishlari tezlashtirilmoqda. Ba’zi tahlilchilar fikricha, Isroil o’z harakatlarini boshqa yirik davlatlar bilan muvofiqlashtirishi kerak.

“Isroil harbiy chora ko’rishi mumkin, ammo bu to’g’ri qaror bo’lmaydi, chunki bu ishni yolg’iz qilmagan ma’qul. Isroilga 2 ta narsa kerak – AQShdan strategik va logistik ko’mak hamda yevropaliklar – Britaniya, Fransiya, boshqalardan siyosiy ko’mak”, - deydi Eron bo’yicha mutaxassis Menashe Amir.

Eronda konservativ arbob Ibrohim Raisiyning prezidentlikka saylanishi Isroilda Eron yadro dasturi bo’yicha xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

“Faqat konservatorlar nazoratidagi hukumat va radikal mafkuraga ega Erondan chuqur xavotirdaman. Oldin hukumatda turli fikrlarni ko’rsa bo’lardi. Hozirgiday Eronning yadro salohiyatiga ega bo’lishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni o’zgartirib yuboradi”, - deydi Tel-Aviv universitetida Eronshunoslik markazi eksperti David Menashri.

Ehud Barak va Isroildagi boshqa rasmiylarning xavotir olishicha, agar Eron atom qurolini yaratishga muvaffaq bo’lsa, Yaqin Sharqda yadroviy qurol poygasi boshlanib, beqaror mintaqa yanada beqarorlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG