Breaking News

AQSh adliya vaziri: Namoyishlarga begona odamlar aralashmoqda


AQSh Adliya vaziri Uilyam (Bill) Barr

AQSh Adliya vaziri Uilyam Barrning aytishicha, bir necha shaharda politsiya zo’ravonligiga qarshi bo’layotgan tartibsizliklar ortida ultra so’l qarashlarga ega ekstremistlar va anarxistlar turibdi. Vazir ularga qarshi federal darajada chora ko’rilishini aytdi.

Namoyishlar markazi bo’lgan Minneapolisdagi faollar o’t qo’yishlar va talon-tarojlarga oq tanli millatchilar va qoradori savdosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar aloqador ekanini aytsa, Barr bu ishlarda Prezident Donald Tramp kabi so’lchilarni ayblamoqda.

"Afsuski, ko’plab shaharlarimizda bo’layotgan g’alayonlarda tinch namoyishchilar ovozlari zo’ravon va radikal g’alamislarni deb eshitilmayapti”, - dedi Barr.

Unga ko’ra, ko’p joylarda zo’ravonliklar “Antifa” so’lchi guruhi usullaridan foydalanayotgan anarxik va ultra so’l ekstremistik guruhlar tomonidan rejalanib, uyushtirilmoqda. Ba’zilari boshqa shtatlardan kelmoqda, dedi vazir.

“Antifa” bir-biriga qattiq bog’lanmagan so’lchi jangarilardan iborat guruh bo’lib, fashizmga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi.

Mamlakat bo’ylab namoyishlar Jorj Floyd ismli qora tanlining 25-may kuni Minneapolis shahrida bir politsiyachi qo’lidan o’lishi ketidan boshlanib ketdi.

Aksariyat joylarda protestlar tartibsizliklarga aylangan - kunduzi tinch kuzatilgan namoyishlar tunda o’t qo’yishlar, talon-tarojga o’tmoqda.

Tramp ham tartibsizliklarda “Antifa” guruhi va radikal so’lchilarni aybladi. Unga ko’ra, juma kuni Oq uy qarshisida xitob qilgan yuzlab namoyishchilar saviyali uyushgan bo’lib, qurbon bo’lgan Jorj Floyd xotirasiga daxlsiz ekanini namoyish etgan.

“Ularning maqsadi tinchlikni buzish ekani ayon edi”, - dedi Tramp.

Minnesota gubernatori Tim Valsning aytishicha ham, kuzatuvlar Minneapolisdagi to’polonlarga, asosan, shahar tashqarisidan kelgan anarxistlar, narkotiklar bilan shug’ullanuvchi raqib to’dalar va oq tanli millatchilar qo’l urganini ko’rsatadi.

Adliya vaziri Barrga ko’ra, bunday odamlar bilan shtat va mahalliy rasmiylar shug’ullanishi kerak.

“Ko’cha va mahallalarimizda qonun va tartib hukm surishi kerak”, - dedi u.

Barrning aytishicha, Adliya vazirligi, Federal qidiruv byurosi va boshqa huquq-tartibot idoralari mahalliy rasmiylarga bu ishda yordamlashmoqda.

Rasmiyning ogohlantirishicha, vazirlik zo’ravonliklarda qatnashish uchun shtat chegarasini kesib o’tganlarga nisbatan federal qonunlarni qo’llashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG