Indoneziyada 2002-yilda 202 odamning o’limiga sabab bo’lgan xurujlarni rejalaganlikda ayblanib, 2011-yilda 15 yilga qamalgan imom Abu Bakar Bashir ozod etildi. Sud unga diniy radikal g’oyalardan tozalanishga yordam beruvchi dasturda qatnashishni buyurdi.
Xurujlarda 88 avstraliyalik halok bo’lgan edi. Bu mamlakat Bosh vaziri Skott Morrison imomning qamoqdan erta chiqarilganidan xavotirda ekanini bildirdi, biroq Indoneziya adliya tizimi qarorini hurmat qilishini aytdi.
“Mudhish xuruj qurbonlarining oilalari bilan tanish bo’lgandan keyin bunday yangilikni qabul qilish oson emas. Biz bunday insonlarga qattiqroq, jinoyatiga yarasha jazo berilishini so’raganmiz”, - dedi Morrison.
Bashir hozir 82 yoshda, al-Qoidaga aloqador “Jamoa Islomiya” tashkilotining diniy yetakchisi sifatida ko’riladi.
Bali orolidagi xuruj paytida avstraliyalik qurbonlar ta’til paytida dam olayotgan bo’lgan. Indoneziya politsiyasi va G’arb razvedkasi Bashirni 2003-yilda Jakartadagi “Mariott” mehmonxonasiga hujumda ham gumon qilgan, biroq u bu ish uchun sudga tortilmagan, xurujlarni o’z bo’yniga olmagan.
Bashir qamoqda “Islomiy davlat” yoki Daish jihodchi guruhiga bay’at qilgan.