Breaking News

G'arbiy Sohildagi beduinlar Isroil anneksiyasidan xavotirda


G'arbiy Sohil. Isroil politsiyasi

1967-yilda olti kun davom etgan Isroil-arab urushida g’olib Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilini bosib olib, 1993-yilgi Oslo shartnomalari natijasida hudud uch zonaga bo’lingan – A, B va S. S zonasi G’arbiy Sohilning 60 foizini tashkil etadi va butunlay Isroil nazoratida.

17-may kuni beshinchi muddatga qasamyod keltirgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’arbiy Sohilning bir qismini Isroilga muqim qo’shib olishini aytib keladi. S zonasida yashovchi 35 ming falastinlik va beduinning taqdiri qanday bo’lishi ma’lum emas.

“Hududdagi ba’zi xizmatlar Isroil tomonidan, ba’zilari esa Falastin tomonidan ta’minlanadi. Masalan, ta’lim va sog’liqni saqlash Falastin zimmasida. Rejalash va infratuzilma bilan Isroil shug’ullanadi, ya’ni suv yoki elektr ta’minoti”, - deydi "Jahalin do'stlari" tashkilotidan Avner Haramati.

Isroillik ko’ngillilar G’arbiy Sohildagi beduin oilalariga oziq-ovqat tarqatib turadi.

“Oziq-ovqatning bir qismini G’arbiy Sohilda, bir qismini Quddusda sotib olamiz. Ba’zilar o’zlari istamagan meva va sabzavotlarni bizga beradi. Hamma narsani qadoqlab, bir necha mahalla bo’ylab haftada 1-2 marta tarqatamiz”, - deydi Haramati.

Iyd Xamis yetti farzandning otasi bo’lib, Xon-Ahmar qishlog’ida yashaydi. Uning aytishicha, koronavirus pandemiyasi sabab vaziyat og’irlashgan. Hududdagi aksariyat beduinlar cho’pon bo’lib ishlaydi. Ular sut mahsulotlarini G’arbiy Sohilda yoki isroillik fermalarga sota olmaydi.

“Beduinlar sahroda yashaydi. Bu yerda koronavirus bo’lmasa-da, virusni deb ko’p joylar yopiq. Isroil yopib tashlagan. Falastin ham. Shu sabab, na Quddusda, na Ramallohda, na boshqa joyda mahsulotlarimizni sota olamiz”, - deydi Xamis.

Isroil Xamis yashovchi qishloq noqonuniy qurilgan deb, undagi uylarni buzib tashlashga do’q-po’pisa qilib keladi. Falastinliklarning aytishicha, uy qurish uchun ruxsat olish imkonsiz.

Isroil Oliy sudi 2018-yilgi qarorida qishloqdagi uylarni buzib, beduinlarni boshqa joyga ko’chirishni buyurgan. Xalqaro hamjamiyat sud qarorini qoralagan.

“Faollar va siyosatchilarimiz tinchlik ehtimolini saqlashga harakat qilmoqda. Agar Xon-Ahmar yo’q qilinsa, C zonasidagi 46 ta jamoa ham birin-ketin yo’q bo’lib, Isroilga qo’shib olinadi. Bu esa ikkita mustaqil davlat va mintaqada tinchlik ehtimoli ham yo’q bo’ladi degani”, - deydi Falastin milliy tashabbusidan Mustafo Barg’utiy.

Bosh vazir Netanyaxu arablar yashovchi qishloqlarni tekislash qarorida qat’iy.

“Xon-Ahmarni boshqa joyga ko’chiramiz. Bu – sud qarori. Bu – bizning siyosat va uni amalga oshiramiz. Bu ishni cheksiz muddatga qoldirish niyatim yo’q. Reja tuzib, tez hal qilamiz”, - dedi Netanyaxu.

Arab qishloqlari tekislansa, yaqin atrofdagi yahudiy aholi punktlari kengayib, G’arbiy Sohilning Isroilga qo’shilishi osonlashadi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG