Breaking News

Bayrutda kuchli portlash, 100 dan ziyod odam o’lgan


Kecha Livan poytaxti Bayrutdagi bandargohda qattiq portlash ro’y berib, 100 dan ziyod odam o’lgan, jarohatlanganlar 4000 dan oshgani aytilmoqda.

Xalqaro hayot – 5-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:26 0:00

Ma’lum bo’lishicha, 2014-yildan beri bandargohdagi omborlarning birida saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi portlagan. Nitrat ammoniy odatda o’g’it sifatida yoki portlovchi modda tayyorlash uchun ishlatiladi. Kimyoviy moddalarning qarovsiz saqlangani aytilmoqda.

Portlash shu qadar kuchli bo’lganki, Bayrutda 10 kilometrlik radiusda joylashgan imoratlar qattiq zarar ko’rgan, avtomobillar ag’darilgan, Bayrutdan 240 kilometr uzoqlikda joylashgan Kipr orolida ham eshitilgan. Portlash kuchi 3,3 ballik zilzilaga tenglashtirilmoqda.

Livandagi millatchi “Al-Kataib” partiyasi rahbari Nazar Najaryan voqeada halok bo’lgan, Bosh vazir Hasan Diabning qizi va rafiqasi shikast yegani aytilmoqda. Diab moddalarning olti yil davomida tegishli xavfsizlik choralarisiz saqlangani tergov qilinishini, aybdorlar topilishini aytdi.

Bayrut porti va bojxonasi rahbarlari kimyoviy moddalarni bandargohdan ko’chirishni so’rab, amaldorlarga bir necha bor murojaat qilganini aytishdi.

Livan prezidenti Mishel Aun mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilib, xorijiy davlatlardan yordam so’radi. Qator arab mamlakatlari, Eron, AQSh va Yevropa yordam va’da qildi. Aun bugun fojia sodir bo’lgan joyni ko’zdan kechirdi.

Fransiya qidiruv va qutqaruv ishlarida yordam berish uchun Livanga fuqarolik xavfsizligi bo’yicha 55 nafar mutaxassis, 10 ta shifokor va 6 tonna uskuna yubormoqda.

Rossiya, Qatar, Gretsiya gumanitar yordam, shifokorlarini Livanga yo’lladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Bayrutdagi uch kasalxona ishlamayapti, ikkitasi qisman faoliyat yuritmoqda, qolgan tibbiy markazlar esa jabrdiydalarga yordam berishga ulgurmayapti.

Turkiyalik qutqaruvchilar falokat joyida ishga kirishgan. “Insonparvarlik yordam jamg’armasi” tashkiloti vakili Mustafo O’zbekning aytishicha, qidiruv va qutqaruv ishlari bilan bir paytda guruh portlashdan zarar ko’rgan falastinlik qochqinlar lagerida jabr ko’rganlarga yordam bermoqda.

Vayronalar orasidan omon qolganlarni qutqarish ishlari o’tkazilar ekan, rasmiylar qurbonlar soni oshishini taxmin qilmoqda.

Portlash paytida bandargohda saqlanayotgan mamlakatning asosiy don ombori vayron bo’lgan. Omborda 15 ming tonna don bo’lgan.

Iqtisodiyot vaziri Raul Nehmening aytishicha, qolgan don zaxiralari bir oyga yetmasligi mumkin. Unga ko’ra, olti milliondan ziyod aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun kamida 3 oylik zaxira bo’lishi zarur.

Bandargohning import yuklarni qabul qilib oluvchi asosiy kirish joyi qattiq zarar ko’rgani ham iqtisodiy vaziyatni yanada qiyinlashtirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG