Polshadan siyosiy boshpana so’ragan belaruslik olimpiyachi Kristina Timanovskaya Tokio Olimpiadasini tark etib, Venaga yo’l oldi. 24 yashar sportchi Belarusga qaytsa jazolanishini aytgan.
Polsha Timanovskayaga gumanitar viza berishga rozi bo’ldi, biroq sportchi Avstriyaga uchgan. U bu mamlakatda qoladimi yoki Polshaga ketadimi, hozircha ma’lum emas.
Xalqaro Olimpiya qo’mitasi yuzaga kelgan vaziyat bo’yicha surishtiruv boshlagan.
Timanovskaya hafta boshida Belarus Olimpiya jamoasi mutasaddilarini tanqid qilganidan so’ng vataniga qaytarilishi kerak edi, biroq yengil atletikachi Belarusga qaytishdan bosh tortdi.
“Timanovskayani jamoadan olishda qo’li bor ikki rasmiy bilan gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritamiz”, - deydi Xalqaro Olimpiya qo’mitasi so’zlovchisi Mark Adams.
Bu o'rtada Belarusda hukumatga qarshi namoyishlar tashkilotchisi va muxolifat yetakchisi Mariya Kolesnikova ustidan sud boshlandi. Faol ekstremizm ayblovi bilan 12 yilgacha qamalishi mumkin.
39 yashar muxolifatchi sentabr oyida Ukraina bilan chegarada hibsga olingan edi. O’shanda xavfsizlik xodimlari uni qo’shni mamlakatga chiqarib yubormoqchi bo’lganida Kolesnikova pasportini yirtib tashlagan edi.
Belarusda o’tgan yil 9-avgustida prezident saylovlari o’tishi ketidan saylov natijalaridan norozi xalq ko’chaga chiqib, bir necha oy davomida namoyish qildi va minglab odam hibsga olindi. Muxolifat Lukashenkoni ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblaydi. Uning qator vakillari hibsga olingan yoki mamlakatni tark etgan.
Ekstremizmda ayblanayotgan Kolesnikova unga qo’yilgan ayblovlarning bema’ni va asossiz ekanini aytadi.
"Hukumat sudni ochiq o’tkazishdan qo’rqadi. Sud ochiq o’tsa, hamma hukumatdagilarning beloruslar, mamlakat va milliy xavfsizlikka tahdid ekanini ko’radi”, - dedi u yaqinda Rossiya matbuotiga bergan intervyusida.
Saylovlarda qatnashishga uringan tadbirkor o’tgan oy Viktor Babariko 14 yilga qamaldi.
Facebook Forum