Breaking News

Yevropa Ittifoqi Belarus amaldorlariga sanksiya qo'llash arafasida


Belarusda 9-avgustdagi prezident saylovlari natijalaridan norozi xalq bir necha kundan beri poytaxt Minsk va boshqa shaharlarda namoyish qilmoqda.

Prezident Aleksandr Lukashenko xavfsizlik kuchlariga namoyishlarni bostirishni buyurdi. Yevropa Ittifoqi bunday buyruqlarni bergan va bajargan rasmiylarni qora ro’yxatga kiritishi haqida ogohlantirdi.

“Belarus xalqining o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini qo’llab-quvvatlaymiz. Yevropa Ittifoqi zo’ravonliklar, qatag’onlar, ovozlarni soxtalashtirish holatlariga qo’l urgan bir qator shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo’llaydi”, - dedi Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel.

Biroq tahlilchi Mark Galeottining aytishicha, Yevropaning Belarusga ta’siri katta emas.

“Lukashenko Putin va Moskvadan uzoqlashsin deb, uni biz bilan ishva qilishga undadik. Ko’p narsalarga, xususan Yevropada bu kabi zolim va badbashara diktaturaning bo’lishiga ko’z yumishga tayyor edik. Shu sabab endi imkoniyatlarimiz ko’p emas”, - dedi siyosatshunos.

Yevropa rasmiylari Belarusda 2014-yilgi Ukraina voqealarining takrorlanishini istamaydi. O’shanda Prezident Viktor Yanukovichning ag’darilishi ketidan Rossiya Ukraina hududining bir qismini bosib oldi.

“Rossiya bilan Ukraina uslubidagi yangi to’qnashuvga turtki bermaslik uchun Belarusga qanchalik bosim qo’yish xususida fikrlar bo’lingan”, - deydi londonlik tahlilchi Jonatan Eyal.

Yevropa qadamini o’ylab bosishi kerak, deydi Galeotti.

“Yevropa Ittifoqi Belarusga ko’ngil qo’yib, uni o’z lageriga og’dirishga harakat qilayotgandek ko’rinsa, bu eng yomon ssenariy bo’ladi. Shunda Moskva nomutanosib javob qaytarishi mumkin. Ittifoq, asosan, ramziy imo-ishoralar qilib, hozir to’g’ri harakat qilyapti deb o’ylayman”, - deydi Londondagi “Mayak razvedkasi” tahlil markazi eksperti.

Saylovda Lukashenkoga qarshi turgan muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Litvaga qochishga majbur bo’ldi. U Yevropadan siyosiy yordam so’radi.

“Lukashenko bugun-erta yoki keyingi oy qulamaydi, ammo qulashi aniq. Shunda Yevropa yangi hukumatga har qanday yordam berishga tayyor turishi kerak”, - deydi Galeotti.

Tahlilchilarga ko’ra, agar Belarusda namoyishchilarga qarshi zo’ravonliklar kuchaysa, muxolifat G’arbdan qattiqroq munosabat bildirishni talab qilishi mumkin.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar belarus xalqining o’z taqdirini belgilash yo’lidagi istak va talablarini tinch yo’l bilan bildirayotganini olqishlaydi.

“AQSh Belarus suvereniteti va hududiy daxlsizligini, xalqning o’z rahbarlari va o’z yo’lini tashqi aralashuvsiz tanlashga qaratilgan intilishlarini qo’llab-quvvatlaydi va shu bilan birga, saylovdagi jiddiy qonunbuzarliklardan xavotir bildirgan holda tinch namoyishchilar va jurnalistlarga qarshi zo’ravonliklarni, muxolif nomzodlar va tinch namoyishchilarning hibsga olinishini, internet xizmatining to’silishini, hibsdagilarga nisbatan qo’pol muomalani qoralaydi. Biz nohaq ushlanganlarni ozod etib, bedarak ketganlarni topishga chaqiramiz”, - dedi Pompeo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG