Belarusda Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi bo’layotgan namoyish harakatining yetakchilaridan biri Mariya Kolesnikova bugun tongda Minsk shahrida niqobli odamlar tomonidan mashinaga solib olib ketilgan.
Kolesnikova muxolifat tuzgan Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi bo’lib, Lukashenko tuzumining ashaddiy tanqidchilaridan hisoblanadi.
Muxolifat Lukashenkoni 9-avgust saylovlarida berilgan ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblarkan, uni iste’foga chiqishga, yangi saylov o’tkazilishiga chaqirmoqda.
Kolesnikova muxolifatning ko’zga ko’ringan uch ayol vakilidan biri bo’lib, ikkisi mamlakatni tark etgan.
Prezidentlikka nomzod sifatida Lukashenko bilan bellashgan Svetlana Tixanovskaya saylovdan so’ng qo’shni Litvaga, Veronika Tsepkalo esa Polshaga chiqib ketgan. Yana bir faol Olga Kovalkovaning aytishicha, u hibsga olinishi mumkinligi haqida xabar topganidan so’ng Polshaga qochgan.
Kolesnikovaning safdoshlari u bilan aloqaga chiqa olmayotganini aytmoqda. Minsk militsiyasi faolni hibsga olmaganini bildirmoqda.
Yevropa Ittifoqiga a’zo uch mamlakat diplomatlari Belarusning 31 rasmiysi, jumladan ichki ishlar vaziriga qarshi iqtisodiy sanksiyalar hozirlanayotganini ma’lum qildi. Ittifoq ularni saylovlarni soxtalashtirishga qo’l urganlikda va namoyishlarni bostirishni buyurganlikda ayblamoqda.
Yakshanba kuni mamlakatda o’n minglab odam yana namoyishga chiqdi. Xavfsizlik kuchlari 633 namoyishchi hibsga olinganini bildirdi.
Facebook Forum