Breaking News

Belarusdagi namoyishchilar yangi saylov o'tkazilishini talab qilmoqda


Minsk avtomobil zavodidagi namoyish

Belarusda militsiya zo’ravonligi va Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Poytaxt Minsk shahridagi yirik korxonalar ishchilari zabastovka e’lon qilib, saylov qayta o’tkazilishini talab qilmoqda.

Xalqaro hayot – 17-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:25 0:00

9-avgust kuni oltinchi muddatga saylangan Lukashenko ishchilar bilan uchrashuvga borib, ularni ishga qaytishga da’vat etdi. Namoyishchilar nazarida, saylovda ovozlar soxtalashtirilgan va Lukashenko, saylov komissiyasi da’vo qilganidek, 80 foiz ovoz olmagan.

Belarusning Slovakiyadagi elchisi Igor Leshenya namoyishlarni qo’llab-quvvatlab, hukumatni hibsga olingan namoyishchilarga nisbatan qiynoqlarda aybladi.

Elchi bo’layotgan voqealarga munosabatini videomurojaat orqali bildirdi. Leshenya hukumatni xalq xohishi va irodasini hurmat qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, Belarus diplomatlarining bir qismi u bilan hamfikr, biroq ishini yo’qotishdan qo’rqib ochiq fikr bildira olmayapti. Elchi bu murojaatidan so’ng muammo bilan yuzlashishini aytdi.

Yevropada Belarusdagi namoyishchilarni qo’llab-quvvatlash maqsadida minglab odamlar Belarus elchixonasi oldida namoyish qildi. Xususan, Polsha poytaxti Varshavada ko’chaga chiqqan odamlar “Lukashizm, to’xta!”, “Erkin Belarus”, “Zo’ravonliklarga barham bering!” shiorlari bitilgan plakatlar hamda Lukashenkoning saylovdagi raqibi Svetlana Tixanovskayaning suratlarini olib o’tishdi.

Chexiya poytaxti Pragada ham odamlar to’planib, Belarusning oq-qizil-oq rangdagi katta bayrog’ini ko’tarib chiqdi.

“Belarusda demokratiya tarafdorlari g’alaba qozonib, ozodlik va demokratiya zafar qiladi degan umiddaman”, - dedi Chexiya parlamenti a’zosi Mixael Jantovskiy.

Mamlakat Bosh vaziri Andrey Babish Yevropa Ittifoqini belarus muxolifatchilariga yordam berishga chaqirdi.

Moskvada yuzlab belaruslar va rossiyaliklar Belarus elchixonasi yonida qo’llarida gullar bilan qo’shiqlar aytib, xalqqa qarshi zo’ravonliklarni to’xtatishga da’vat etdi.

“Nega namoyish qilayotganimizni butun dunyo anglab yetdi. Biz Belorussiya ozodligi uchun, Belorussiya fuqarolarining erkin tanlovi uchun namoyish qilyapmiz. Militsiya zulmiga qarshi, qatag’onlarga qarshi turibmiz”, - dedi Marina Denisova ismli beloruslardan biri.

“Mamlakatimizdagi diktatura, zulmdan charchadik. Lukashenkoning ketishini, hokimiyatga qonuniy prezidentning, xalq saylagan prezidentning kelishini istaymiz”, - dedi Vasiliy ismli belarus.

Lukashenko saylovlarni qayta o’tkazish talablarini rad etarkan, g’arbiy chegarada NATO faoliyatini kuchaytirayotganini aytdi.

Mamlakatni saylovdan so’ng tark etgan Tixanovskaya xalqqa murojaat qilib, o’tish davrida davlatni boshqarishga tayyor ekanini bildirdi.

Saylov komissiyasi hisoblariga ko’ra, Tixanovskaya 10 foiz ovoz olgan, biroq muxolifat va uning tarafdorlari ovozlar soxtalashtirilganini, Tixanovskaya Lukashenkodan ko’p ovoz to’plaganini da’vo qilmoqda.

“Mamlakatni tinchlantirish va normal maromga qaytarish uchun hozirgi davrda mas’uliyatni qabul qilib, milliy liderlikni qo’lga olishga tayyorman. Siyosiy mahbuslarni ozod etib, yangi prezident saylovlarini o’tkazish uchun qisqa muddatda tegishli huquqiy baza va sharoitlarni tayyorlashimiz kerak”, - dedi Litvaga chiqqan Tixanovskaya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG