Breaking News

Belarusda hukumatga qarshi namoyish tarafdorlari ta'qibga uchramoqda


Belarusda prezident saylovlaridan salkam ikki oy o’tib ham xalq noroziligi so’ngani yo’q. Har yakshanba 100 mingga yaqin odam Minsk ko’chalarida Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyish qilmoqda.

Xalqaro hayot – 7-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:29 0:00

Hukumat namoyishchilarni turli yo’llar bilan nishonga olyapti. Ba’zilari ishidan ayrilgan, kimdir esa jismoniy tajovuzga uchramoqda.

Ota-o’g’il Andrey va Miron Vitushkani niqob taqqan odamlar olib ketib kaltaklagan.

“Ko’chadan o’tayotgan edik. Birdan ikkita mikroavtobus yonimizda to’xtab, ichidan niqobli, qora kiyim kiygan odamlar chiqdi. Birining qo’lida qurol bor edi. Juda qo’rqdik. Qochishga harakat qildik, ammo behuda”, - dedi 17 yashar Miron.

Mamlakatdagi taniqli odamlarning ba’zilari namoyishchilarni qo’llab-quvvatlab, ularga qarshi zulmni qoraladi. Suzish bo’yicha jahon chempioni, Olimpiada sovrindori Aleksandra Gerasimenya ulardan biri bo’lib, Lukashenko tarafdorlari uning tinchini buzayotganini aytadi.

“Meni xalq dushmani, xoin deb chaqirishadi, haqoratlashadi, ayrim hovuzlar mening bolalar uchun suzish maktabim bilan shartnomani bekor qildi”, - deydi u.

Xavfsizlik kuchlari muxolifat ramzlarining Minskda tarqalishiga to’siq qo’yishga harakat qilyapti. Hatto oq-qizil davlat bayrog’i ham nishonga olinmoqda.

“Hukumatga yoqmaydigan biror ish qilsangiz, barcha davlat idoralari sizga hujum qiladi. Birdaniga tekshiruvlar boshlanadi, biznesni yopishga harakat qilishadi. Bizni yong’in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmadi deb yopishdi”, - deydi bayroq sotuvchi bir firma egasi.

Mustaqil jurnalistlar ham nishonga olinyapti.

Eng boshidan militsiyaning namoyishchilarga qarshi zo’ravonligi haqida ma’lumot ulashgan “Tut” axborot sahifasi litsenziyasidan ayrildi, muxbirlari hibsga olindi.

“Muxbirlarimizga voqea ishtirokchilari sifatida muomala qilishyapti. Yuzi niqob bilan to’silgan, ismi o’zgartirilgan militsionerlar bizga qarshi guvohlik beryapti va sud ularga ishonyapti”, - deydi "Tut.by" bosh muharrir Marina Zolotova.

Opera va balet teatri ham zo’ravonliklarga qarshi chiqdi.

“Nafaqat balet, balki teatrimiz, opera va orkestr a’zolarining aksariyati video chiqarib, jim turmasligimizni bildirdik. Yolg’iz zo’ravonliklarni deb emas”, - deydi bosh raqqos Oleg Yeromkin.

Bu o’rtada Rossiya Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasidan Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning qidiruvga berilgani ma’lum bo’ldi. Prezidentlikka sobiq nomzod Rossiya Jinoiy kodeksi moddasiga ko’ra qidirilayotgani aytiladi, biroq aynan qanday modda ekani ko’rsatilgani yo’q. Kuzatuvchilarga ko’ra, rasmiy Minsk qo’shni mamlakatdan Belarusda davlat to’ntarishiga harakatda ayblanayotgan faolni hibsga olishda yordam so’ragan.

Tixanovskaya saylovdan so’ng Litvaga chiqib ketgan. 7-oktabr kuni u Berlinda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi.

“Merkel xonim Belarusdagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda, ancha xabardor. U muammoni hal etishda yordam berishi mumkin. Biz undan hukumat bilan muzokaralarda vositachi bo’lishni so’radik”, - dedi Tixanovskaya.

Unga ko’ra, Lukashenko muloqotdan bosh tortmoqda. O’tgan hafta Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan Vlnyusda muloqot qilgan Tixanovskaya Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashmoqchi edi, biroq Lukashenkoni qo’llab-quvvatlayotgan Kreml unga bunday imkoniyat bermadi.

"Putin muammolarimizni hal qilib bersin demayapmiz. Bu bizning ichki muammomiz va siyosiy inqirozdan chiqish yolg’iz Belarus xalqi qo’lida. Biz Putinning boshqa davlat rahbarlari kabi muxolifat va hukumat o’rtasida vositachi bo’lishini xohlardik”, - dedi Tixanovskaya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG